FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida “Sen iste’dodlisan” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat shahar va tumanlaridan iqtidorli o‘quvchilar san’at, ijod yo‘nalishida o‘z iste’dodini namoyish etdi.
Tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflarida va uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar faol ishtirok etdi.
“Men ham shu Vatanning bir bo‘lagiman” shiori ostida tashkil etilgan tanlov imkoniyati cheklangan bolalarning iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni ruhlantirish, qo‘llab-quvvatlash hamda madaniyat va san’at sohasida o‘z o‘rnini topishiga imkon yaratish maqsadiga qaratilgan.
[gallery-26168]
Ishtirokchilar estrada-vokal (an’anaviy ijrochilik) hamda tasviriy san’at yo‘nalishlarida o‘z ijod namunalarini taqdim etdi. Yakunda g‘oliblar aniqlanib, ular viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha Sherobod tumanidan Mushtariy Turg‘unboyeva birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, estrada-vokal yo‘nalishi bo‘yicha Denov tumanidan Muhammadali Musulmonov g‘olib bo‘ldi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA