AOKAda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasi o‘quvchilarning STEM fanlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Shuningdek, olimpiada orqali davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklarning amaliyotdagi samaradorligini tahlil qilish, o‘quvchilarda fanlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda ularni kelajakdagi kasb tanloviga ongli yondashishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Olimpiada matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Matematika fani 2-sinfdan boshlab barcha sinf o‘quvchilarini qamrab olsa, fizika va informatika fanlari 9–11-sinf hamda 1–2-bosqichdagi boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan. Barcha fanlar bo‘yicha testlar o‘zbek va rus tillarida tashkil etilmoqda.
Bugungi kunga qadar olimpiadaga 227 ming 730 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 192 ming nafar matematikadan, 19 ming nafar fizikadan, 16 ming nafar o‘quvchi informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan. Hududlar kesimida esa eng ko‘p ishtirokchilar Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bu ko‘rsatkich nisbatan kam.
Olimpiada uch bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqich – tuman (shahar) miqyosida 1–7 aprel kunlari onlayn shaklda tashkil etildi. Hozirda tuman bosqichida o‘quvchilar qayd etgan natijalar bo‘yicha ma’lumotlar baholanib, tahlil qilinmoqda, tez orada barcha ishtirok etgan o‘quvchilarning natijalari testbor.uz tizimida e’lon qilinadi. 9-10-11-sinflar uchun olimpiadada ro‘yxatdan o‘tgan, biroq turli sabablarga ko‘ra qatnasha olmagan o‘quvchilardan yana imtihon tashkil etish bo‘yicha kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda 10-17 aprel kunlari testbor.uz platformasida tuman bosqichi imtihonlarini onlayn tarzda topshirishlariga imkoniyat beriladi.
Ikkinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida 13–20 may kunlari onlayn formatda o‘tkaziladi. Uchinchi bosqich – 16 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. 2–9-sinf o‘quvchilari uchun yakuniy bosqich kuzatuv kameralari ostida onlayn tarzda o‘tkaziladi. 10–11-sinf o‘quvchilari uchun esa Respublika bosqichi Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida oflayn shaklda amalga oshiriladi. Ishtirokchilar haqidagi barcha ma’lumotlar testbor.uz elektron platformasida yuritiladi.
Olimpiada g‘oliblari munosib taqdirlanadi. 2–9-sinf o‘quvchilari uchun pul mukofotlari ajratiladi. 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi g‘olib va sovrindorlarga esa noutbuk, planshet, mobil telefonlar, aqlli soatlar va quloqchinlar taqdim etiladi. Xususan, matematika, fizika yoki informatika fanlaridan eng ko‘p va eng tez yechimlarni taqdim etgan o‘quvchiga zamonaviy iPhone 16 smartfoni sovg‘a qilinadi. Bundan tashqari, 10–11-sinf va 1–2-bosqich o‘quvchilari orasidan eng yuqori natijalarni qayd etgan 18 nafar ishtirokchi Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va AKITA universitetlariga imtihonsiz va 100 foiz grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, olimpiadada faollik ko‘rsatgan, yuqori natijalarni qayd etgan ta’lim muassasasi jamoasiga maxsus bosh sovrin – “BYD Chazor” avtomobili topshiriladi. O‘z fan yo‘nalishida TOP-10 natija qayd etgan o‘quvchilarni tayyorlagan o‘qituvchilarga ham alohida tashakkurnomalar beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA