Navoiy mashinasozlik zavodida faol xotin-qizlar o‘rtasida “Muqaddas ayol” shiori ostida “Kombinatning oltin ayoli – 2026” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Unda zavodning turli bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan 5 nafar iste’dodli va zukko xotin-qiz ishtirok etib, uch bosqich asosida o‘zaro bellashdi.

– Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad tizimda mehnat qilayotgan faol, tashabbuskor, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ularning yutuq va salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etish, shuningdek, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ilg‘or mutaxassislarni munosib rag‘batlantirishdan iborat, – deydi NMZ ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi Mashhura Rahimova.

– Dastlab tanlov doirasida tashkilotchilar tomonidan barcha bo‘linmalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar orasidan ishlab chiqarish, ilm-fan, jamoatchilik, madaniyat va ma’naviyat yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishgan yetakchi xodimalar saralab olindi. Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning har bir chiqishi adolat va xolislik bilan baholab borildi. Qatnashchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasi, milliy qadriyatlarga hurmati, ijodiy salohiyati alohida inobatga olindi.

Yakunda Qozon payvandlash sexi texnigi Mahliyo Rustamova “Eng faol ayol”, Markaziy laboratoriyasi spektral-tahlil laboranti Nazira Toshmurodova “Eng quvnoq ayol”, Ta’mirlash mexanika sexi kran mashinisti Lobar Toirova “Muxlislar e’tiborini qozongan ayol” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi xodimi Dilobar Ergasheva esa Gran-pri sohibasiga aylandi.

G‘olib va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA