Keyingi paytda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator yirik tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Toshkentda “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi bo‘shliqlarni bartaraf etish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan xalqaro tadbirda tomonlar galdagi vazifalarni belgilab oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Global yashil o‘sish instituti (GGGI), Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot tashkiloti (FCDO) hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda iqtisodiyot tarmoqlarida dekarbonizatsiya jarayonlarini tezlashtirish, yashil investitsiyalarni jalb etish va iqlim moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirishda tijorat banklari salohiyatini oshirish haqida so‘z yuritildi.
Unda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, GGGI ning bosh direktor o‘rinbosari va Osiyo mintaqaviy direktori Malle Fofana va boshqalar mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, yashil taraqqiyot bo‘yicha tajriba almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va axborot-texnologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlik doirasida qator yirik tashabbuslar amalga oshirilyapti. Xususan, mintaqada iqlim moliyasi imkoniyatlarini kengaytirish, moliyaviy bo‘shliqlarni qisqartirish va yashil loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida aniq qadamlar qo‘yilmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan navbatdagi mintaqaviy tadbir Markaziy Osiyoda “iqlim moliyasidagi bo‘shliqlarni bartaraf etish” loyihasi doirasida xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari va tijorat banklari o‘rtasida samarali muloqot uchun muhim platforma bo‘ldi.
Qayd etilganidek, ushbu tadbir Markaziy Osiyoda iqlim moliyasi, uglerod bozori va ekologik investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi. Muloqotlar mintaqada barqaror iqtisodiyotga o‘tish, texnologik yangilanishni jadallashtirish va xalqaro moliyaviy mexanizmlardan samarali foydalanish uchun mustahkam asos yaratib berishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida GGGI bosh direktor o‘rinbosari va Osiyo mintaqaviy direktori Malle Fofana bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar chog‘ida Parij bitimining 6-moddasi doirasida uglerod birliklari savdosi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekistonda uglerod bozorini bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun muhim huquqiy va institutsional zamin yaratadi.
Suhbat davomida energiya samarador va kam uglerodli texnologiyalarni joriy etish, energetika sektorida raqamli va aqlli yechimlar qo‘llash bilan bog‘liq tajriba loyihalarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning milliy yashil taksonomiyasini takomillashtirish, yashil loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha institutsional salohiyatni rivojlantirish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Muzokaralar yakunida mavjud loyihalar samaradorligini oshirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kelgusida bajarilishi ko‘zda tutilgan ustuvor chora-tadbirlar ham belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA