Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqlimga chidamli suv boshqaruvi — global hamkorlik talabi
15:32 / 2026-02-12

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini samarali va barqaror boshqarish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, transchegaraviy daryo havzalarida suvdan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni saqlash hamda iqlimga moslashuvchan boshqaruv mexanizmlarini joriy etishda xalqaro hamkorlik muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda qator amaliy tashabbuslar va hamkorlik loyihalari izchil amalga oshirilmoqda.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish” loyihasi doirasida uchinchi Milliy boshqaruv qo‘mitasi (NSC) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi,  Shveysariyaning “Caritas Switzerland” tashkiloti, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi. Unda milliy idoralar va xalqaro hamkorlar tomonidan loyiha doirasida erishilgan natijalarni baholash hamda kelgusidagi vazifalarni belgilashga e’tibor qaratildi.  

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda iqlimga chidamli suv resurslarini boshqarish hamda xalqaro hamkorlikning ahamiyati tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.  

Shuningdek, 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan Yillik operatsion reja loyihasi muhokama qilinib, uni milliy ekologik ustuvor yo‘nalishlar hamda uzoq muddatli suv barqarorligi maqsadlariga moslashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.  

Hamkorlarning O‘zbekistonda iqlimga chidamlilikni kuchaytirish hamda barqaror suv resurslarini boshqarishni rivojlantirishga qaratilgan umumiy majburiyatlari yana bir bor tasdiqlandi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA