Poytaxtimizda yerni qayta tiklash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda turli davlatlarning 70 dan ortiq eksperti tanlangan mavzu orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha atroflicha fikr, tajriba almashdi.

Markaziy Osiyo va Kavkazning qurg‘oqchil hududida qishloq xo‘jaligi tadqiqoti xalqaro markazi (ICARDA-CAC), Germaniya xalqaro taraqqiyot agentligi(GIZ), Xalqaro Shimoliy tadqiqot instituti (IRRI), Yer degradatsiyasi iqtisodiyot tashabbusi (ELD) tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqamizdagi dolzarb ekologik muammolarga samarali yechim topishdir.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo yerlarini qayta tiklash ham atrof-muhit, ham mintaqa iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Ma’lumotga ko‘ra, 2001-2020 yillar oralig‘ida iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillik yo‘qolishi va yer degradatsiyaga uchrashi kabi muammoli holatlar tufayli taxminan 18 milliard dollar miqdorida zarar ko‘rilgan. Ekspertlar ushbu masalalarni atroflicha muhokama qildilar.

Mutaxassislar qayd etishicha, yer degradatsiyasi, iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillik yo‘qolishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Demak, yer – iqlim – biologik xilma-xillik – qishloq xo‘jaligi bog‘liqligi bo‘yicha hamkorlik va integratsiyalashgan yondashuv barqaror yer boshqaruvini samarali qo‘llab-quvvatlash va uch Rio konvensiyasida milliy maqsadlarga erishishga hissa qo‘shadi.
Ikki kunlik seminar ishtirokchilarida amalga oshirilgan tadqiqotlarni tahlil etish, sarhisob va muhokama qilish imkoni bor. Shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshiriladigan kompleks sa’y-harakatlar birgalikda kelishib olinadi.

– Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun hamkorlikda ishlash orqali biz ekotizim bilan bog‘liq barqaror kelajak yaratishimiz mumkin, – deydi ICARDA Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha mintaqaviy menejeri Akmal Akramxonov.
Seminardan kutilayotgan asosiy natija esa O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistonda yerdan barqaror foydalanish amaliyotini qo‘llab-quvvatlovchi monitoring va investitsiya strategiyasini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir.

E’tiborli jihati, umumiy sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro bog‘liq mintaqaviy muammolarini innovatsion yechimlar orqali hal qilishga zamin yaratadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA