Buxoroda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi va “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasi (Qatar) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qo‘shma loyihasi ishga tushdi.
Loyiha Barqaror rivojlanish maqsadlari va milliy majburiyatlar doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning ta’sirini yumshatish bo‘yicha global va milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Orolbo‘yi hududlarida yoshlarni yanada “yashil” kelajak uchun safarbar etishga qaratilgan bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirda 150 nafar maktab o‘quvchilari va mahalliy yoshlar yetakchilari 1,3 milliondan ortiq yoshlarni iqlim muammolari, barqaror qishloq xo‘jaligi va toza energiya kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan loyiha bilan tanishdi. Loyiha qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi iqlim muammolariga duch kelayotgan qishloq hududlariga qaratilgan bo‘lib, yoshlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mahalliy muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
– Ushbu loyiha orqali nafaqat yoshlarning iqlim bo‘yicha bilimlarini oshirishni, balki o‘z jamoalarida barqaror o‘zgarishlarni amalga oshiradigan, O‘zbekistonning mustahkam va farovon kelajagiga hissa qo‘shadigan yangi avlod yetakchilarini tarbiyalashni maqsad qilganmiz, – dedi O‘zbekistondagi BMTTDning loyiha tahlilchisi Kamal Hamidov.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari “Yosh yashil elchilar” jamoasini shakllantirish, iqlim sohasidagi yetakchining mahorat darsi, startaplar ko‘rgazmasi va iqlim bo‘yicha xabardorlikni baholash uchun onlayn so‘rovnoma kabi interaktiv mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, iqlim muammolariga yechimlar bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qildi va taqdim etdi.
– Ushbu tashabbus milliy ta’lim strategiyasida muhim qadamdir, -deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Baxtiyor To‘yev. – O‘quv dasturiga iqlim bo‘yicha choralarni kiritish orqali biz yoshlarni, ayniqsa ekologik muammoli hududlarda, o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylantiramiz.
– Maktab jamoasi bilan birga mazkur tadbirda qatnashdik. Maktabimizda “Eco school” doirasida “Eco Program” loyihasi ham bo‘lib o‘tdi. Bunda viloyatdagi “Eco” maktablari bilan birga yashil hududni kengaytirish uchun daraxt o‘tqazish, turli xil chiqindilardan kerakli buyumlar yasaldi. Bugungi seminarda ham jamoamiz bilan ko‘plab bilimlarga ega bo‘ldik. Ko‘nikmalarimizni shakllantirdik. Albatta, bu bilimlarimizdan foydalanib, maktabimizda tatbiq etamiz, – deydi Shofirkon tumani ixtisoslashtirilgan maktab eko koordinatori Mohinur Sayfiddinova.
[gallery-25458]
O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududlarida haroratning ko‘tarilishi, suv tanqisligi va cho‘llanish muammolariga duch kelmoqda. 2025 yildan 2028 yilgacha amalga oshiriladigan 7,5 million dollarlik loyiha doirasida maktab dasturlariga iqlim bo‘yicha darslar kiritilishi, o‘qituvchilar malakasi oshirilishi va kasbiy ko‘nikmalar markazida (Monomarkaz) “yashil” ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Loyihada ishtirokchilarning kamida yarmi yosh ayollar bo‘lib, bu ekologik yetakchilikda gender tengligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihaning davomiyligi 3 yil bo‘lib, yoshlarning salohiyatini iqlim va “yashil” ko‘nikmalar orqali oshirishga qaratilgan. Bu ularda O‘zbekistonning yanada yashil va barqaror kelajagiga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA