Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi va Qatarning “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Loyiha qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi iqlim muammolariga duch kelayotgan qishloq hududlarida yoshlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mahalliy muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. 2025 yildan 2028 yilgacha amalga oshiriladigan 7,5 million dollarlik loyiha doirasida maktab dasturlariga iqlim bo‘yicha darslar kiritilishi, o‘qituvchilar malakasi oshirilishi va kasbiy ko‘nikmalar markazida (Monomarkaz) “yashil” ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.


Tadbirda 150 nafar maktab o‘quvchilari va mahalliy yoshlar yetakchilari iqlim muammolari, barqaror qishloq xo‘jaligi va toza energiya kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan loyiha bilan tanishdi.
– Ushbu loyiha Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ravishda yoshlarga sarmoya kiritmoqda, – deydi O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining loyiha rahbari Laziz Xo‘jaqulov. – Iqlim bo‘yicha bilim va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali biz yangi avlod vakillariga o‘z jamoalarida barqaror o‘zgarishlarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonning yashil kelajagini barpo etish imkoniyatini bermoqdamiz.


Tadbir davomida maktab o‘quvchilari “Yosh yashil elchilar” jamoasini shakllantirish, iqlim sohasidagi yetakchining mahorat darsi, startaplar ko‘rgazmasi va iqlim bo‘yicha xabardorlikni baholash uchun onlayn so‘rovnoma kabi interaktiv mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, iqlim muammolariga yechimlar bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qildi va taqdim etdi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri