Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda muhim hamkorlik
16:53 / 2023-10-03

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga amaliy tashrifi juda sermazmun va muvaffaqiyatli o‘tdi.

O‘zA muxbiri Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Abbos Mashrapovning tashrif yakunlari bo‘yicha fikrlarini yozib oldi.

– Berlinda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Germaniya Federativ Respublikasi davlat rahbarlarining birinchi sammiti mavjud munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Anjuman ishtirokchilari “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati tomonlar o‘rtasida ochiq muloqot, amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydon ekanini bir ovozdan qayd etdi. 

Xususan, tadbirda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, energiya xavfsizligiga erishish, shuningdek, “yashil” va barqaror rivojlanish kabi muhim masalalar ko‘tarildi. Markaziy Osiyo davlatlari Berlin bilan “yashil” sarmoya jalb qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, transchegaraviy suv resurslarini samarali taqsimlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida faol hamkorlik qilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

2020 yil yanvar oyida Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ilgari surilgan, iqlim xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida to‘rtta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ayni jarayonda iqlim xavfi va suv resurslarini boshqarish, yerdan kompleks foydalanish, iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik bo‘yicha transchegaraviy muloqot o‘rnatish uchun jami 50 million yevro ajratilgan.

Markaziy Osiyo mutaxassislari bilan birga zamonaviy nemis texnologiyasidan foydalanilgan holda muzliklarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayotgani ham “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi samarasidir.

Shu yil avgust oyida Markaziy Osiyo ilmiy muassasalari va vazirliklari vakillari Germaniyaning “Potsdam” markazi bilan hamkorlikda Qozog‘istondagi muzliklarda ilmiy ekspeditsiya o‘tkazdi. Shuningdek, mintaqamizda iqlim, suv resurslaridan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni asrash, qurg‘oqchilikni bashorat qilish, chiqindi saqlash joylari xavfsizligini ta’minlash va suv favqulodda ifloslanishining oldini olish bo‘yicha o‘quv modullari yaratildi.

Har yili o‘tkaziladigan suv xavfsizligi bo‘yicha “Toshkent ma’ruzalari”ning oxirgisi 2022 yil 15 dekabr kuni Potsdam shahrida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida uyushtirildi.

Besh davlatning tegishli vazirliklari vakillaridan iborat Mintaqaviy ishchi guruh tuzilib, iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik sohasida qo‘shma siyosiy muloqot bo‘yicha Mintaqaviy harakatlar rejasi qabul qilingan. Ushbu hujjat ishchi guruh Nizomi va “Yashil Markaziy Osiyo” muloqot platformasi harakat rejasini ifodalaydi.

2022 yildan boshlab ishchi guruh a’zolari “Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya” ishlab chiqyapti. E’tiborlisi, “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida O‘zbekiston Prezidenti Germaniyani mintaqada suvni tejash texnologiyalari platformasini yaratish, Markaziy Osiyo iqlim muloqotini shakllantirishda faol ishtirok etishga chaqirdi. 
Suv tejash texnologiyasini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Germaniya 1880 yil ilk bor tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgan. Ushbu mamlakatning suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ajoyib tajribasi, yutuqlari qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan har qanday davlat uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Davlatimiz rahbari kelasi yil bahorda Samarqand shahrida BMT shafeligida o‘tkaziladigan Xalqaro iqlim forumini Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etish taklifini bildirdi. Bu dunyoda iqlim o‘zgarishi salbiy oqibati ortib borayotgan bir sharoitda, ayniqsa, muhim bo‘lgan Parij kelishuvida belgilangan uglerod neytralligi maqsadiga erishishda Toshkent va Berlin hamkorligini mustahkamlaydi.

Umuman, iqlim o‘zgarishi, ekologik muvozanat va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalalari kun tartibida muhim o‘rin tutadi, bu boradagi xalqaro hamkorlik barqaror rivojlanishga erishishning asosiy omili hisoblanadi. Mavjud hamkorlik darajasini hisobga olgan holda Germaniya bilan sheriklikni yanada chuqurlashtirish Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyoti uchun keng imkoniyatdir.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.