Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfining kuchayishi barqaror rivojlanish jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Muzliklarning erishi, ko‘l to‘siqlarining buzilishi va ko‘chkilar xavfi nafaqat tabiat, balki mahalliy aholi hayoti uchun ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Shu sababli, YUNESKO mintaqada aholining tabiiy ofatlar ta’siriga nisbatan zaifligini kamaytirishga qaratilgan qator amaliy tashabbuslarni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur tashkilotning “Markaziy Osiyoda muzlik ko‘llarining toshib chiqishi xavfini kamaytirish” (GLOFCA) loyihasi shular jumlasidan.
Yaqinda mazkur loyiha doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” davlat muassasasi hamda YUNESKOning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi hamkorligida Toshkent viloyatidagi Pskom daryosi vodiysida daraxt ekish aksiyasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda hamkor tashkilotlar mas’ullari, mutaxassislar, o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Aksiya doirasida tuproqni mustahkamlash va tog‘ yonbag‘irlari eroziyasining oldini olishga yordam beruvchi sumak va terak nihollari ekildi. Bu hududlarda muzlik ko‘llari va ko‘chki xavfli zonalarning muntazam monitoringi, aholining ekologik xabardorligini oshirish, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini amalga oshirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
– Pskom vodiysi O‘zbekistonning eng ko‘chki xavfli hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda tik tog‘ yonbag‘irlari, kuchli yomg‘irlar va muzliklarning erishi ko‘chkilar hamda sellar xavfini kuchaytiradi. Shu sababli, bu yerda suv toshqinlari, yer ko‘chkilari va sel kabi tabiiy ofatlar sodir bo‘lishi mumkin. Shuni ham ta’kidlash joizki, bu hududda 14 ga yaqin aholi punkti mavjud. Shu bois, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” davlat muassasasi hamda YUNESKO bilan hamkorlikda bu yerda daraxt ekish ishlarini tashkil qildik. Shu bilan birga, hamkorlik doirasida ilmiy tadqiqotlar ham olib borilmoqda. Loyiha 2022 yildan buyon amaliyotga tatbiq etilyapti, – dedi “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” DM direktori G‘ani Bimurzayev.
YUNESKOning Olmaotadagi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi tabiiy fanlar bo‘limi rahbari Yelena Osipova ma’lum qilganidek, tashkilotning ushbu ofisi hozirda O‘zbekistonda “Markaziy Osiyoda muzlik ko‘llarining toshib chiqishi xavfini kamaytirish” loyihasi doirasida faoliyat olib bormoqda.
– Bu loyiha muzlik ko‘llarining toshib chiqishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan. Mazkur tashabbus doirasida O‘zbekistondagi turli milliy hamkorlar, vazirliklar hamda ilmiy institutlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Pskom vodiysida daraxt ekdik. Ushbu dastur loyiha doirasida qo‘shimcha chora sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, asosiy maqsad ofatlar xavfini kamaytirish, tog‘ yonbag‘irlarini mustahkamlash va ko‘chkilarning oldini olishdan iborat. Bu tashabbus tabiatni muhofaza qilish va mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi, – deya qayd etdi Yelena Osipova.
Tadbir yakunida o‘quvchilar uchun rasmlar tanlovi tashkil etilib, tabiiy xavfsizlik va ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etgan bolalar taqdirlandi.
<iframe width="923" height="519" src="https://www.youtube.com/embed/V0bLdOdOUjk" title="Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Anvarxo‘ja Ahmudov (montaj), O‘zA