Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv boshqaruvida ayollar ishtiroki
17:37 / 2026-01-29

Navoiy viloyati Karmana tumanida “Suv boshqaruvida ayollar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini oshirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda fermer ayollar, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari hamda tegishli mutaxassislar ishtirok etdi. Unda ayollarni iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonidagi roli, mahalliy darajada suv resurslarini boshqarishda inklyuziv mexanizmlarni joriy etish ahamiyati, shuningdek, suv resurslari boshqaruvida ayollar faolligini oshirish va gender tengligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Iqlim o‘zgarishi, tez-tez uchraydigan qurg‘oqchilik va suv tanqisligi so‘nggi yillarda eng dolzarb global muammolardan biriga aylandi. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham suv resurslarini barqaror va samarali boshqarish masalalari alohida ahamiyatga ega. Jumladan, suv resurslarining qariyb 80 foizi yurtimiz chegaralaridan tashqarida, atigi 20 foizi esa mamlakat ichida ishlab chiqariladi. Bunday sharoitda transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish barqaror rivojlanishning asosiy maqsadiga aylanadi.

[gallery-27367]

– Ushbu muammolarni hal qilish uchun Shveysariya hukumati tomonidan Shveysariya Taraqqiyot va Hamkorlik Agentligi (SDC) orqali moliyalashtiriladigan hamda Karitas Shveysariya (Caritas Switzerland) va Markaziy Osiyo Mintaqaviy Atrof-muhit Markazi (CAREC) konsorsiumi tomonidan “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish” loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Axmedjanova. – Loyiha suvni tejash va samarali foydalanish choralari, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish, iqlim monitoringi stansiyalari hamda tuproq va yer osti suvlarini kuzatish uchun avtomatlashtirilgan quduqlarni o‘rnatish va mahalliy aholining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

Treningning amaliy qismida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, mavjud muammolarni tahlil qildi va suv resurslarini boshqarishda ayollarning ishtirokini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. 

– Suv yetishmovchiligi nafaqat tabiiy muhit va qishloq xo‘jaligi tizimlariga, balki ijtimoiy munosabatlar hamda gender tengligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda, – deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bosh mutaxassisi Iroda Sultonova. – Bu suvga bog‘liq sektorlarda – qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va maishiy xizmatlarda ayollar va erkaklar o‘rtasidagi mehnat taqsimoti, resurslarga kirish imkoniyatlari hamda qaror qilishdagi ishtirok darajasidagi tafovutlarda ko‘rinadi. Ko‘p hollarda suv tanqisligi yuzaga kelganda ayollar suv olish, uy-ro‘zg‘or ishlari va bolalar salomatligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Bu esa ularning vaqt, sog‘liq va iqtisodiy imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu boisdan suv yetishmovchiligi va uning ijtimoiy oqibatlarini tahlil etishda gender yondashuvini qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat ayollar va erkaklar ehtiyojlarini teng hisobga olish, balki suv resurslarini samarali boshqarish va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun zarur sharoit yaratadi.

Tadbirda ishtirokchilar suv sohasida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishini ta’kidlagan holda kelgusida hamkorlik qilishga va aniq qo‘shma choralarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari