French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashishga doir yangi loyiha
20:09 / 2023-09-16

Buxoroda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati hamda Latviya mahalliy va mintaqaviy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda navbatdagi loyihaga start beriladi.

Loyiha doirasida Latviya delegatsiyasi  Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Buxoro shahrida soha mutaxassislari, ekspertlar ishtirokida “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasiga bag‘ishlangan ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya a’zolari Kogon tumanidagi chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

–Loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Latviya Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va barqaror siyosatni rejalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va taqdim etishdan iborat. Shuningdek, qaror qabul qiluvchi shaxslar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining iqlim o‘zgarishini kompleks boshqarish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishi sohasidagi harakatlarni rejalashtirish va ishlab chiqishda gender tengligi integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, ayollar va bolalarni iqlim o‘zgarishidan himoya qilish hamda aholining iqlim o‘zgarishi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish va ularning qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb etilishiga ko‘maklashishdir.

Global iqlim o‘zgarishi zamonamizning eng og‘ir muammolaridan biri bo‘lib, barqaror rivojlanish yo‘lidagi jiddiy to‘siqqa aylanib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi. 1880 yildan boshlab mamlakatda o‘rtacha yillik harorat Selsiy bo‘yicha 1,6 darajaga oshgan (13,2 dan 14,8 darajagacha). 2030-2050 yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida havo harorati yana 1,5-3 darajaga ko‘tarilishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Havo haroratining eng ko‘p ko‘tarilishi Orolbo‘yida kutilmoqda. Chunki Orol dengizining qurishi tufayli o‘ziga xos mahalliy iqlim o‘zgarishlari ham sodir bo‘lmoqda.  

Keskin iqlim o‘zgarishlari suv resurslarining kamayishi, tabiiy ofatlarning ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligining pasayishi kabi jiddiy xavflarni uyg‘otadi, umuman, mintaqamizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bunday oqibatlar birinchi galda aholining zaif qatlamlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yangi, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyalar qabul qilinib, hayotga tadbiq etilmoqda. Jumladan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, 2019−2030 yillar davrida O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, 2019−2028 yillar davrida O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi mavjud.  

Loyiha Respublikamizning Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladi.  

Shuningdek, mehmonlar Buxoroning tarixiy qadamjolariga sayohat qilishdi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri