Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha loyihalar portfelini kengaytirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi
12:20 / 2024-07-10

Iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biriga aylangan. Shu munosabat bilan iqlim o‘zgarishining oldini olish va uning oqibatlariga moslashish bo‘yicha zarur choralar ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.

Yashil iqlim jamg‘armasi — bu BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi doirasida rivojlanayotgan mamlakatlarning iqlim o‘zgarishiga moslashish va yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan xalqaro jamg‘arma bo‘lib, kam uglerodli va iqlimiy barqaror rivojlanishni moliyalashtirish orqali iqlim o‘zgarishi masalalarini hal etishga qaratilgan.   

Jamg‘arma rivojlanayotgan mamlakatlarda issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish hamda himoyaga muhtoj hamjamiyatlarning iqlim o‘zgarishining muqarrar oqibatlariga moslashishiga yordam berish maqsadida 2010 yil Kankun shahrida 194 mamlakat hukumati tomonidan tashkil qilingan. Bosh qarorgohi Janubiy Koreyaning Songdo shahrida joylashgan.   

Yashil iqlim jamg‘armasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif YAIJ bilan ishlash bo‘yicha milliy muvofiqlashtiruvchi tashkilot hisoblangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirildi.   

Tashrif doirasida delegatsiya Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi bilan birgalikda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha loyihalar portfelini tizimlashtirish va kengaytirish bo‘yicha bir qator strategik muhokamalar o‘tkazdi. Shuningdek, O‘zbekistonda iqlim loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha mamlakat dasturini ishlab chiqishning texnik jihatlari ishlab chiqildi.   

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dastur iqtisodiyotning iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif bo‘lgan tarmoqlaridan sanalgan suv tanqisligi, cho‘llanish, chang va qum bo‘ronlari, energiya samaradorligi, havo sifati hamda shahar va hududlarning iqlim barqarorligini ta’minlash uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkonini beradi.     

Muloqot jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan 2023 yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT doiraviy konvensiyasi (COP-28) ishtirokchilarining 28-konferensiyasida e’lon qilingan Mo‘ynoqda iqlim texnologiyalari ko‘rgazmasi markazini tashkil etish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, mamlakat dasturi Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 29-konferensiyasida taqdim etilishi kutilmoqda.   

Ma’lumot  o‘rnida ta’kidlash lozimki, Jamg‘armaning asosiy maqsadi iqlim loyihalari uchun moliyaviy resurslarni safarbar qilishdir. Bugungi kunga qadar YAIJ boshqaruvida 13,5 milliard AQSH dollari va birgalikda moliyalashda 51,9 milliard AQSH dollari mavjud. Ushbu mablag‘lar rivojlangan mamlakatlar tomonidan iqlim o‘zgarishi ta’siriga zaif rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish uchun 100 milliard AQSH dollari miqdorida ajratiladi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA