Janubiy Afrikada so‘nggi oy davomida kuzatilgan halokatli sel iqlim o‘zgarishi va davriy La-Nino hodisasi uyg‘unligi natijasida yuzaga kelgan “mukammal bo‘ron” oqibati ekani aniqlandi. Bu haqda payshanba kuni e’lon qilingan “World Weather Attribution” tadqiqotida keltirilgan.
Tadqiqotga ko‘ra, sanoatgacha bo‘lgan davrdan buyon ekstremal yog‘ingarchilik hodisalari kuchayishi 40 foiz oshgan. Demak, okean suvi isishi, bug‘ gazi chiqindisi ko‘payishi bilan bog‘liq iqlim o‘zgarishi ushbu jarayonda hal qiluvchi omildir. Ayni payt La-Nino sharoiti namlikni battar kuchaytirgan. Mazkur hodisa Tinch okeani markaziy va sharqiy qismida suv harorati vaqtincha pasayishi bilan izohlanadi.
O‘tgan yil dekabr oyidan beri Mozambik, Janubiy Afrika, Zimbabve va Esvatini hududlarida kuzatilgan kuchli sel 200 nafar insonni hayotdan olib ketdi, yuz minglab aholi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayrim hududlarda qisqa muddatda bir yillik yog‘in miqdori qayd etilgan. Oqibatda daryolar toshib, Janubiy Afrikadagi mashhur Kryuger milliy bog‘i vaqtincha yopilgan.
Niderlandiya Qirollik meteorologiya instituti katta iqlim tadqiqotchisi Izidin Pinto ta’kidlashicha, inson omili ta’sirida iqlim o‘zgarishi yog‘ingarchilikni yanada ko‘paytirib, jiddiy vayronagarchilik keltirib chiqarmoqda. Qazilma yonilg‘idan foydalanish bevosita favqulodda yomg‘irni kuchaytirmoqda.
Mutaxassislar bunday hodisalar kelgusida ham takrorlanishi mumkinligi, shu bois Afrika janubidagi mamlakatlar iqlimga moslashish choralarini kuchaytirishi zarurligini ta’kidlamoqda.
D.Hakimov, O‘zA