So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi dunyoning ko‘plab mintaqalaridaekologik hodisadan ko‘ra kengroq - ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy transformatsiyani harakatga keltiruvchi asosiy omillardan biriga aylanmoqda.
Haroratning oshib borishi, yog‘ingarchilik miqdorining kamayishi, suv resurslarining notekis taqsimlanishi va yer degradatsiyasi millionlab odamlarning yashash va ishlash imkoniyatlarini cheklamoqda. Natijada yangi turdagi migratsiya – iqlim migratsiyasi shakllanmoqda. Bu migratsiya an’anaviy mehnat ko‘chishidan farqli ravishda iqtisodiy tanlov emas, balki ekologik majburiyat sifatida yuzaga chiqmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyo bo‘yicha 200 milliondan ortiq odam iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan sharoitlar sababli yangi yashash joyi izlashga majbur bo‘ladi. Bu migrantlar ichki ko‘chish (internal displacement) va qisman transchegaraviy harakatni o‘z ichiga oladi. Jahon bankining “Groundswell” hisobotida esa 2030-2050-yillar oralig‘ida tabiiy iqlim sharoitlar natijasida yuzaga keladigan ichki migratsiya eng yuqori ssenariy bo‘yicha 143 million kishidan oshishi mumkinligi ta’kidlanadi.

Xalqaro “IPCC” hisobotida global isishning 1,5°C darajasidan oshishi bilan ko‘plab quruq va yarim quruq hududlarda qurg‘oqchilik xavfi oshishi, suv manbalarining bosim ostida qolishi, mehnat unumdorligining tushishi mumkinligi qayd etiladi. Bu xulosalar geografik jihatdan suvga tasirchan mintaqalar uchun to‘liq mos keladi va jiddiy choralar ko‘rish kerakligi haqida o‘ziga xos “ogohlantirish” signali xisoblanadi.
Olimlar tomonidan olib borilgan global tadqiqotlarda suv tanqisligi va hosildorlikning pasayishi migratsiya ehtimolini sezilarli oshirishi ko‘rsatilgan. “Groundswell” loyihasi ham ekologik stress daromad manbalarini qisqartirib, aholining hududni tark etish qarorini tezlashtirishini isbotlaydi. Ayniqsa, suv yetishmovchiligi, ekstremal issiqlik to‘lqinlari va yer degradatsiyasi yashash sharoitlarini yomonlashtirib, odamlarni majburiy ko‘chishga undaydi.
Ma’lumki, yog‘ingarchilikning pasayishi, haroratning oshishi va suv resurslarining cheklanishi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun hayotiy riskni oshiradi. Hosildorlik pasayadi, xo‘jalik xarajatlari ortadi, qishloq aholisi uchun iqtisodiy ob’ektlar zaiflashadi. Masalan, Afrikaning Sahel mintaqasida qurg‘oqchilik natijasida 2000-2020-yillarda millionlab fermerlar daromad manbalarini yo‘qotib, shahar markazlariga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, suv ta’minoti pasaygan hududlarda migratsiya ehtimoli 20-30 foizga oshadi.

Suv resurslarining kamayishi va uzoq davom etadigan qurg‘oqchiliklar natijasida qishloq xo‘jaligi sohasi ancha zaiflashadi. Bu holat aholining tirikchilik manbaini yo‘qotish xavfi bilan to‘qnashadi. Shu kabi omillar Eronning sharqiy viloyatlarida kuzatilgan - suv tanqisligi sababli fermerlar daromadi 40 foizgacha qisqargan va bu ichki migratsiyani kuchaytirgan.
Qishloq hududlardagi xizmatlarning cheklanganligi va shahar infratuzilmasiga bosimning oshishi ijtimoiy stressni kuchaytiradi. Masalan, Bangladeshda iqlim migrantlarining Dakka shahriga oqimi uy-joy, sog‘liqni saqlash va bandlik tizimida jiddiy nomutanosibliklarni keltirib chiqargan.
Odamlar o‘zlarini himoya qilish uchun iqlim stressidan qochish yo‘lini tanlaydi - ya’ni migratsiya. Bu migratsiya odatda shahar markazlariga yo‘naladi yoki transchegaraviy holatlarda boshqa mamlakatlarga ham cho‘zilishi mumkin. Migratsiya jarayoni esa shahar infratuzilmasini kuchli bosim ostiga qo‘yadi: uy-joy taqchilligi, transport tizimi stressi, sanitariya xizmatlari, sog‘liqni saqlash, mehnat resurslari va havo ifloslanishi muammolari chuqurlashadi.
Ekologlar fikricha, iqlim migratsiyasi sharoitida davlatlar migratsiyani oldindan prognoz qilish, uni iqtisodiy tizimga integratsiya qilish va ekologik omillarni yumshatish vazifasini bajarishi zarur. Bu fiskal, institutsional va administrativ imkoniyatlarning uyg‘unligini talab qiladi.
Agar davlatlar faqat oqibatlar bilan kurashsa, migratsiya jarayonlarini boshqarib bo‘lmaydi. Masala shundaki, iqlim migratsiyasi qisqa muddatli emas, balki strukturaviy xarakterga ega. Migratsiya boshqaruvi faqat migratsiyani cheklash emas, balki uni ijtimoiy-iqtisodiy tizimga moslashtirish siyosatini talab etadi. Masalan, Marokash qurg‘oqchil davlat bo‘lib, so‘nggi 40 yil ichida o‘rtacha yillik yog‘ingarchilik hajmi pasaygan va qurg‘oqchilik davrlari chastotasi oshgan. Jahon bankining 2022-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lkada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan suv resurslari 1960-yillardagi ~2500 m³ dan hozirgi kunda 600 m³ dan past darajaga tushgan, bu esa “suv tanqisligi” chegarasidan ancha past ko‘rsatkich hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi Marokashda umumiy suv iste’molining taxminan 85–87%ni tashkil qiladi.
Migratsiyaning asosiy drayverlaridan biri aynan qishloq xo‘jaligidagi daromadning iqlim “shoklari” sabab kamayishi bo‘ldi. Mazkur bosimni kamaytirish maqsadida Marokash hukumati “National Water Plan” va “Plan Maroc Vert” doirasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirdi. 2008-yildan keyin tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlar 160 ming gektardan 600 ming gektardan ortiq hududgacha kengaydi. Natijada suvdan foydalanish samaradorligi 30–40% gacha oshgani qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, suv tejovchi texnologiyalar, “yashil” energetika, agroinnovatsiyalar va hududiy bandlik dasturlari ekologik migratsiyani majburiy emas, tanlovga aylantiradi. Masalan, suv tanqisligi sharoitida agrar sektor modernizatsiyasi migratsiyani sekinlashtiradi, tomchilatib sug‘orish kabi texnologiyalar suv iste’molini sezilarli kamaytiradi, infratuzilmaviy sarmoya (suv omborlar, qayta taqsimlash tizimi) iqlim “shoklarini” yumshatadi.
Arzon uy-joy, transport, yashil hududlar va mehnat integratsiyasi bo‘lmasa, migratsiya ijtimoiy muammoga aylanadi. Ilmiy prognozlarga ko‘ra, 2050-yilgacha global miqyosda iqlim migratsiyasi bo‘yicha uch asosiy ssenariy mavjud.
- moslashuv choralarining yetishmasligi → 200 mln+ migratsiya oqimi;
- qisman moslashuv → 120-150 mln migratsiya oqimi;
- strategik moslashuv va global hamkorlik → 80-100 mln migratsiya oqimi.
Umuman olganda, migratsiyani cheklash emas, balki uni iqtisodiy tizimga integratsiyalash, ekologik risklarni kamaytirish va davlat salohiyatini mustahkamlash asosiy maqsad bo‘lishi kerak. Ekspertlar nazdida, kim iqlim transformatsiyasini vaqtida boshqarib, migratsiyani barqaror rivojlanish omiliga aylantira olsa, u mintaqaning uzoq muddatli xavfsizligi va ijtimoiy barqarorligini ta’minlaydi.
Muhammad Xo‘janazarov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi