Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqlim inqirozi va jahon hamjamiyati: 2025 yildan kelajak uchun saboqlar
19:36 / 2025-12-16

Avvalo aytish kerakki, joriy yil dunyo jamoatchiligi uchun global iqlim o‘zgarishi endi nafaqat kelajak xavfi, balki hozirgi real voqelik ekanini yaqqol namoyon etdi. Ekstremal issiqlik to‘lqinlari, qurg‘oqchilik, kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari ekologik muvozanatni izdan chiqarish bilan birga, jahon iqtisodiyoti, oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikka ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Xalqaro tashkilotlar hisobotlariga ko‘ra, 2025 yilda iqlim bilan bog‘liq ofatlar ko‘lami va iqtisodiy zarari bo‘yicha so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashdi. Bu esa davlatlar va jamiyat oldiga yangi yondashuvlar, aniq qarorlar va uzoq muddatli strategik fikrlash zaruratini qo‘ymoqda.

“Ekologik muvozanat” rukni doirasida ekspert Islombek G‘ulomov bilan joriy yil tajribasi, undan chiqadigan xulosalar va kelajakdagi ustuvor vazifalar xususida qisqacha suhbatlashdik. 

– Aytingchi, 2025 yilda qaysi ekstremal iqlim hodisasi global miqyosda eng ko‘p iqtisodiy zarar keltirdi? 

– Joriy yilda iqtisodiy jihatdan eng katta zarar uzoq davom etgan va keng hududlarni qamrab olgan issiqlik to‘lqinlari hissasiga to‘g‘ri keldi, deyish mumkin. Ayniqsa, Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalarida kuzatilgan yuqori harorat qishloq xo‘jaligi, energiya ta’minoti tizimlari va aholi salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ayrim mintaqalarda issiqlik to‘lqinlari qurg‘oqchilikni kuchaytirgan bo‘lsa, ba’zi hududlarda halokatli suv toshqinlari kuzatildi. Natijada turli infratuzilmalar zarar ko‘rdi, ishlab chiqarish to‘xtab qoldi va davlat byudjetlari uchun milliardlab miqdorda qo‘shimcha xarajatlar yuzaga keldi. Bu holat iqlim xavflari endi iqtisodiy xavflar bilan teng darajada baholanishi kerakligini ko‘rsatdi.

– Mazkur yildan qanday saboqlar kelgusida suv zaxiralari va qishloq xo‘jaligini boshqarishda qo‘llanishi mumkin? 

– Eng asosiy saboq – suvni boshqarishda faqat mavjud zaxiralarga tayanish yetarli emas. Kelgusida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, iqlimga chidamli ekin turlariga o‘tish va suv zaxiralarini uzoq muddatli rejalashtirish ustuvor vazifa bo‘lishi shart, deb o‘ylayman. 

– Qaysi mamlakatlar iqlim inqiroziga qarshi eng samarali harakatlar qilyapti, deya olasiz? 

– To‘g‘ri, joriy yilda ayrim davlatlar iqlimga moslashuv va chiqindilarni kamaytirish sohasida izchil siyosat olib borgani bilan ajralib turdi. Xususan, Skandinaviya mamlakatlari, Germaniya, Yaponiya va Yangi Zelandiya qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va aholini iqlim xavflariga tayyorlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rdi.

Bu mamlakatlarda iqlim siyosati faqat ekologik emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashgan. Natijada ular iqlim zarbalarini nisbatan yumshoq qabul qildi va tez moslashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

– COP30 va ekologiyaga bag‘ishlangan shunga o‘xshash xalqaro sammitlardan qanday asosiy xulosalar olish mumkin? 

– Bilasizmi, COP30 va boshqa xalqaro yig‘inlar asosiy bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: endi siyosiy bayonotlarning o‘zi yetarli emas, aniq moliyaviy va amaliy mexanizmlar zarur. Rivojlanayotgan davlatlarga iqlimga moslashuv uchun moliyaviy yordamni oshirish, texnologiyalar transferi va hisobdorlik tizimlarini kuchaytirish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etdi.

Eng muhim xulosa – iqlim inqiroziga qarshi kurashda davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlik hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bir mamlakatning harakati yetarli emas, global muvofiqlashgan yondashuvgina samara beradi. 

– Qaysi texnologiyalar va innovatsiyalar ushbu yilda iqlim xavfini yumshatishda yordam berdi? 

– Iqlim xavflarini yumshatishda raqamli va “yashil” texnologiyalarning ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, sun’iy intellektga asoslangan iqlim monitoringi tizimlari, erta ogohlantirish dasturlari va yuqori aniqlikdagi prognozlar tabiiy ofatlar oqibatini kamaytirishga xizmat qildi.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya – quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash akkumulyatorlari hamda “aqlli tarmoq” texnologiyalari jazirama to‘lqinlari paytida energiya tizimlarining barqaror ishlashini ta’minladi. 

Qishloq xo‘jaligida esa iqlimga mos agrotexnologiyalar va suvni tejaydigan innovatsiyalar samarali natija berdi. 

– Iqlim inqirozi natijasida qaysi yangi xavflar paydo bo‘ldi va ulardan qanday saqlanish mumkin? 

– 2025 yilda iqlim inqirozi bilan bog‘liq yangi xavflar – iqlim migratsiyasi, sog‘liqni saqlash tizimiga bosim va ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi bilan namoyon bo‘ldi. Ekstremal issiqlik va suv tanqisligi ayrim hududlarda aholining ko‘chib ketishiga sabab bo‘ldi.

Bu xavflardan saqlanish uchun davlatlar erta moslashuv siyosatiga o‘tishi, aholini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishi va iqlim xavflarini ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirishi zarur. 

Qayd etish kerakki, iqlim inqiroziga qarshi kurash faqat ekologik emas, balki inson xavfsizligi masalasi ekani ochiq-oydin namoyon bo‘ldi. 

– Xulosa qilib aytganda, 2025 yil voqealaridan kelib chiqadigan eng muhim global saboq nima?

– Eng muhim global saboq – iqlim inqiroziga qarshi choralar aslo kechiktirilmasligi kerak. Vaqtni boy berish iqtisodiy yo‘qotishlar, ijtimoiy beqarorlik va inson hayoti uchun xavflarni bir necha barobar oshiradi. 

Iqlim o‘zgarishiga moslashuv va uni yumshatish choralari parallel olib borilmasa, barqaror rivojlanish haqida gapirish qiyin. Faol hamkorlik, ilmiy asoslangan qarorlar va mas’uliyatli yondashuv orqaligina kelajak avlodlar uchun ekologik muvozanatni saqlab qolish mumkin. 

– Qisqa, lekin mazmunli suhbat uchun tashakkur!

– Rahmat, salomat bo‘ling.

Musulmon Ziyo suhbatlashdi.

O‘zA