Ma’lumki, AQSH Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida davlatimiz rahbari ishtirok etib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini yana bir bor dolzarb masalalar, jumladan, iqlim o‘zgarishi muammolariga ham qaratdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida ekologik o‘zgarishlarning salbiy ko‘rinishi bo‘lgan iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganini katta tashvish bilan tilga oldi.
– Afsuski, ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz, – dedi Sh.Mirziyoyev.
Darhaqiqat, iqlim o‘zgarishi insoniyat uchun eng jiddiy ekologik xavf hisoblanadi. Bunga esa ko‘p jihatdan havoning ifloslanishi, insonning o‘zi yo‘l qo‘yayotgan xatolar sabab bo‘lmoqda, deyish mumkin. Iqlim o‘zgarishi kuchaysa, iqtisodiy yo‘qotishlar ham katta bo‘ladi, odamlar orasida bevaqt o‘limlar soni ortadi.
Xalqaro tadqiqotchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, sayyoramizda ichki va tashqi havoning ifloslanishi har yili kamida 4,5 million erta o‘limga sabab bo‘lmoqda.
Iqlimshunoslar fikricha, havoning ifloslanishi, ekologiya bilan bog‘liq muammolar, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda anchayin keskin. Bu esa nomutanosib ravishda ayollar, yosh bolalar, keksalar, umuman, aholining kambag‘al qatlamiga katta ta’sir qilmoqda. Ayrim davlatlarda kambag‘allik yukidan xalos bo‘lolmagan aholi o‘z uylarini o‘tin yoki ko‘mir bilan isitadi, ba’zida kerosindan foydalanadi. Natijada, ular tez-tez zaharli havoga duchor bo‘lishmoqda.

Afsuski, bu hammasi emas. BMT mutaxassislari havoning ifloslanishi global muammo ekanligini ta’kidlashadi. Havoning ifloslanishi bir qator nafas yo‘llari kasalliklari bilan bog‘liq va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 7 milliondan ortiq bevaqt o‘limga sabab bo‘ladi.
Ba’zi havo ifloslantiruvchi moddalar, masalan, oltingugurt dioksidi atmosfera bilan reaksiyaga kirishib, kislotali birikmalar hosil qiladi va ular kislotali yomg‘ir shaklida yerga qaytadi. O‘z navbatida kislota yomg‘irlari suv va tuproqni ifloslantiradi va shu bilan biomuhitga ta’sir qiladi, qishloq xo‘jaligi faoliyati qiyinlashadi.
Mutaxassislar havoning ifloslanishi turli xil manbalardan kelib chiqishini ta’kidlar ekan, ularni asosan quyidagi to‘rt guruhga bo‘ladi.
Havo ifloslanishining mobil manbalari

Atmosfera havosi zararli moddalar bilan ifloslanishining asosiy sabablari avtomobillardan tortib kemalar, samolyotlar va raketalargacha bo‘lgan barcha turdagi transport vositalaridir. Ko‘chma manbalar atmosferaga chiqaradigan zaharli moddalar, shu jumladan, qo‘rg‘oshin havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri.
So‘nggi yillarda global miqyosda transport vositalari soni muttasil ortib bormoqda. Shu bilan birga, atmosferadagi zararli moddalar ham ortmoqda. Atmosferani ifloslantiruvchi mobil manbalar zararli chiqindilarni tartibga solishda qiyinchilik tug‘diradi.
Atmosfera ifloslanishining statsionar manbalari

Atmosfera havosining zararli moddalar bilan ifloslanishining yana bir sababi - statsionar antropogen manbalardir. Masalan, elektr stansiyalari, og‘ir sanoat, qozonxonalar, neftni qayta ishlash zavodlari. Statsionar manbalar, ya’ni turli korxonalar, zavodlar juda ko‘p miqdorda zaharli moddalarni havoga purkaydi va bu holat davlat nazoratini talab qiladi.
Hududiy havoni ifloslantiruvchi manbalar

Bu ham atmosfera ifloslanishi asosiy sabablaridan biri. Bu guruhga alohida-alohida minimal miqdorda zararli moddalar ishlab chiqaradigan kichik ifloslanish manbalari kiradi. Ular global zarrachalar emissiyasining 50 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Hududdagi havoni ifloslantiruvchi manbalarga shahar markazlari va ayrim qishloq xo‘jaligi hududlari misol bo‘la oladi.
Tabiiy manbalar

Bu guruhga vulqon otilishi, biologik parchalanish, chang bo‘ronlari va o‘rmon yong‘inlari kiradi. Ekologiyaning buzilishi haqida gap ketganda, tabiiy manbalar ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Biroq ular butun dunyo bo‘ylab chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarning texnogen manbalarini yuzaga keltiradi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, har yili tabiiy manbalardan 90 million tonna azot oksidi chiqadi. Antropogen manbalardan esa 24 million tonna. Vulqonlar atmosferaga 200 million tonnadan ortiq oltingugurt oksidi chiqaradi.
Ekologlar tahlilicha, agar xalqaro hamjamiyat qat’iy choralar ko‘rmasa, 2050 yilga borib havoning ifloslanishi tufayli erta o‘limlar soni 50 foizdan oshadi.
Atmosfera havosining ifloslanishi o‘zining salbiy ta’siri, jumladan, iqtisodiyot, samaradorlik, sog‘liqni saqlash va turizmga salbiy ta’sir ko‘rsatish orqali jamiyat uchun katta xarajatlarni ham keltirib chiqaradi. Atmosfera ifloslanishini nazorat qilishga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa har doim o‘zini oqlaydi.
Havo ifloslanishning oldini olishda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “jasoratli siyosiy harakat, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari, jamoatchilikni ogohlantirish tizimlari va transchegaraviy hamkorlik juda muhim” ekanini unutmaslik kerak. Zero, ekologik muammolar chegara tanlamaydi. Bir mamlakatda yuzaga kelgan muammo nafaqat qo‘shni o‘lkaga, balki butun boshli mintaqaga daxl qiladi.
Saidmurod Rahimov tayyorladi.
O‘zA