Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqbol Mirzo: Jadidlar johillik, qoloqlikning ildizi ilmsizlikda, deb bilishgan (+video)
19:36 / 2024-02-06

Uyg‘onish chaqirig‘i, o‘zlikni anglash tuyg‘usi, istiqlol uchun kurash yo‘lining bosh qahramonlari bo‘lgan jadid bobolarimiz ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-ilmiy, moddiy-texnikaviy sohalarda yangilikka intilib yashashdi. Ular mustamlaka sharoitida, hukmron siyosiy mafkura doirasida qoloqlikdan qutulishning yagona yo‘li – milliy ongni isloh etgan holda, an’anaviy madaniyatni dunyo madaniyati tizimida qayta ko‘rib chiqishda ekanini anglab yetganlar.

Jadidlarning orzusi o‘zlikni, millatni tanazzuldan chiqarish, ilg‘or xalqlar qatori jahon madaniyati tizimidan joy olish, o‘z madaniyatini dunyo ommasiga tanitishdan iborat edi. Ular mamlakat taraqqiyoti uchun ilm-fan, maorif eng birinchi zarurat deb hisoblashdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024 yilning ilk kunidayoq “Jadid” nomi bilan yangi gazeta dunyo yuzini ko‘rdi. Avvalo, mazkur nashr yurtdoshlarimizni jadidlarimizning g‘oyasi, mafkurasi, maqsadi bilan yanada yaqinroq tanishtiradi. 

Bugungi suhbatda “Jadid” gazetasi chop etilishi uchun qay darajada ehtiyoj yuzaga kelgani, jarayonga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani, nega alohida emas, balki boshqa bir adabiy gazeta o‘rnida tashkil etilgani, shuningdek, jadidchilik ilmi xorijiy mamlakatlarda qanday baholanishi bilan bog‘liq savollarga javob izlaymiz. Suhbatdoshim “Jadid” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo.

– Suhbatimiz avvalida “jadid” so‘ziga ta’rif berib o‘tsangiz? Sizningcha, jadidchilik nima? Biz uchun ushbu ta’limotni o‘rganish nechog‘li zarur?

– Aslida, “jadid” so‘zi arabchadan tarjima qilinganda “yangi”, “yangilik tarafdori” ma’nolarini anglatadi. Mantiqan, hayotni yangilashga harakat qiluvchi, kurashuvchi insonlar toifasi “jadidlar” deyilgan. Tarixdan ma’lumki, jadidchilik XIX asr ikkinchi yarmida qrim tatar xalqining yorqin vakili, ziyolisi Ismoil Gaspiralining faol tashabbusi, harakati bilan yuzaga chiqqan. Albatta, jarayon birgina Gaspiralining nomi bilan bog‘liq emas, balki o‘sha payt Chor Rossiyasi tarkibida bo‘lgan musulmon turkiy xalqlar orasida yetilgan bir vaziyat tufayli ro‘y bergan. Ya’ni, ziyolilar ongida turkiy musulmonlar ilm olishi kerak, boshqa xalqlar, o‘zini yetakchi hisoblagan millatlar bilan tenglashishi kerak, huquq, bilim, dunyoqarash nuqtai nazaridan yuksaladigan vaqt keldi, degan fikr allaqachon shakllangan edi. Nafaqat qrim tatarlari, balki ozarbayjonlar, turkistonliklar ichida ham mana shunday qarash hukmron edi. 

Hech qanday g‘oya ehtiyojsiz dunyoga kelmaydi, talab bo‘lmasa, ildiz otmaydi. Qarangki, taxminan 1870-80 yillarda dastlabki jadidchilik maktablari Bog‘chasaroyda ochilgan bo‘lsa, oradan bor yo‘g‘i 10-15 yil o‘tib xuddi shunday jadid maktablari Toshkent, Buxoro, Xiva va Qo‘qonda ham tashkil etiladi. Demak, taraqqiyot shunchalik tez yoyilgan, g‘oya tez yuqqan va Turkistonda jadidchilik yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Biz hozir bor-yo‘g‘i yigirma nafarcha jadid nomini bilamiz, xolos. Taniqli shoir, yozuvchi bo‘lganliklari uchun ham xalqimiz ularni yaxshi biladi. Vaholanki, Turkistonda bu harakatni, g‘oyani qo‘llab-quvvatlovchilar juda ham ko‘p bo‘lgan, chunki jadidlar  ko‘rdi-ki, dunyo taraqqiy etib bormoqda, boshqa millatlar, deylik, fransuzlar, inglizlar, nemislar rivojlanyapti.  “Biz, turkistonliklar ne ahvolda qolib ketyapmiz, bunga sabab nima?” degan savol ularga tinchlik bermagan. Jadidlar haqli ravishda johillik, qoloqlikning sababi ilmsizlikda, nodonlikda va xurofotda deb bilishgan. Bunga qarshi ilmni yo‘lga qo‘yish, yangi maktablar ochish orqali dunyoviy bilimlarni o‘rgatish, diniy ilmni ham mantiqiy tarzda birga olib borish masalasini ko‘tarishgan. Aynan shu g‘oya, shu fikr jadidlarni birlashtirgan.

Demak, maslak bitta, dushman ham ma’lum – xurofot, johiliyat, qoloqlik. Bunday vaziyatda xalq illatga qarshi birlashadi, maslakdoshlar topiladi, albatta. Qaysi g‘oya ildiz otsa, qanot yozsa, zarurat va ehtiyoj tufayli yuzaga chiqadi. Ba’zilar “jadidlar orasida o‘sha payt “qadimchilar” toifasi ham bor edi, ular eski maktab usulini ma’qullagan, eskilik tarafdori bo‘lgan, mavjud qolipni, andozani himoya qilgan” degan fikrni aytishadi. Aslida, unday emas. Jadidchilik harakati, jadidlik masalasi shu darajada murakkabki, ikki toifada ham bir-biriga qarshi qarash, zid fikr, masalalar uchragan. Jadidlar orasida eski maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlagan, shu bilan birga, Yevropada keng yoyilgan dunyoviy fanlarni ham o‘rganish kerak degan ziyolilar bo‘lganidek, “qadimchilar” orasida ham dunyoviy ilmni o‘rganishga rag‘bat bildirganlar bisyor edi. Shuning uchun bir toifani qattiq qoralash, boshqa guruhni oqlash yaramaydi. Eng ilg‘or jadidlar – Abdulla Avloniy, Behbudiy yoki Fitratlar ham bir-biriga qarshi fikr bildirgan va bu tabiiy hol, deb tushunilgan.

– “Jadid” gazetasi chop etilishi uchun qanchalik zarurat bor edi? Bunga qanday tayyorgarlik ko‘rildi?

– Prezidentimiz o‘tgan yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida jadid bobolarimizning milliy taraqqiyotni har tomonlama jadallashtirish, ziyolilar, ijodkorlarni birlashtirishga daxldor tashabbuslari qatori “Jadid” gazetasini ta’sis etish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlab, nashrning ilk sonini yilning birinchi kunida chop etish taklifini ilgari surdi. Biz shu kunning ertasi, ya’ni 23 dekabrdan yangi gazetani chiqarish harakatini boshladik va 1 yanvarda ilk nishona sonini chiqardik. Boshida qiynalsak kerak, muammo ko‘p bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim, lekin bir narsani angladimki, ziyolilarimiz nashr uchun tayyor ekan. Ko‘pchilik bizga  dolzarb maqolalar, o‘rinli takliflar bera boshladi. Biz hurmat qilgan ziyolilarning aksariyati yangi nashrga hissa qo‘shishga intilishini ko‘rib, mamnun bo‘ldik.

Demak, shu gazetani kutgan insonlar toifasi bo‘lgan. Keyinroq gazeta millat uchun zarurligini his qilgan, idrok qilgan odamlar ham ko‘paydi. O‘zimning ham xayolimdan “Shuncha gazeta bor, qancha nashr yopilib ketyapti, odamlar gazeta o‘qimay qo‘ydi qabilidagi fikrlar urchigan bir paytda yangi gazeta ochish mashaqqat emasmikan?”, degan o‘y o‘tdi. Ko‘rdik-ki, zarurat bor, xayrixohlar ko‘p ekan. Mana, hozirgi kunda tahririyatimizga yuborilgan maqolalar orasidan eng saralarini tanlab olishga majbur bo‘lyapmiz. Material juda ko‘p. Hatto, aynan jadidchilik mavzusiga oid 10-15 songa yetadigan maqolalar bor, biroq gazetani yuz foiz bir mavzuda, bir yo‘nalishda chop etish ham to‘g‘ri emas. Biz endi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining vorisi sifatida adabiyotni, san’atni ham targ‘ib qilishimiz kerak. Shuning uchun ham maqolalar, fikr-mulohazalar, aks-sadolar orasidan tanlab-tanlab chop etyapmiz. Qiziqarli, bir-birini takrorlamaydigan, tashabbuskor bitiklarni, xayrli ishlarini targ‘ib qilsa arziydigan qahramonlarni olib chiqyapmiz.

Mana, kechagi sonimizda ham Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida o‘z hisobidan xalq uchun kutubxona qurib bergan tadbirkor Arabboy Marahimov to‘g‘risida maqola berdik. Xalqimiz orasida bunday insonlar ko‘p, ular, qaysidir ma’noda, jadid bobolarimiz ishini davom ettirmoqda. Ayni payt gazeta 17 ming nusxada chiqyapti, nashrning ijtimoiy tarmoqdagi kanallari obunachilari soni qisqa muddatda 2 mingtaga yaqinlashdi. Har kuni 100-200 odam kanalimizga qo‘shilyapti. Quvonarli jihati, nashrimizning o‘z o‘quvchisi, mualliflari bor. Bu gazetaning iqboli baland bo‘lishidan dalolat beradi.

Bilasizmi, o‘z davrida jadid bobolarimizni o‘ylantirgan masalalar – ortiqcha isrofgarchilik, to‘ylardagi dabdababozlik, aza mavzusi, loqaydlik, tanballik kabi illatlar bugun ham kun tartibida. Muammolar, qaysidir ma’noda, oyog‘imizga tushov bo‘lib turibdi. Bunday holatlarga qarshi birga kurashishimiz kerak. Bu kurashda eng muhim vositalardan biri gazeta bo‘ladi, albatta.

– Jadidlar zamonida xalqimiz ma’lumotni asosan, kitob o‘qib olgan. Keyinchalik jadid bobolar sa’y-harakati bilan gazeta shaklida bosma nashrlar vujudga keldi. O‘sha davrlarda odamlar kitobni titilib ketguncha, gazetani esa oxirgi harfigacha o‘qigan. Ya’ni, axborot mutolaa orqali olingan. Hozirgi taraqqiyot asrida axborot olish uchun manba ko‘p, lekin ko‘pchilik kitob yoki gazeta o‘qimay qo‘ygan. Bari bir, mutolaa zavqini hech nima berolmasa kerak. Odamlar mutolaaga qaytmayotganiga sabab yaxshi asar kamligimi yoki mazmundor nashrlar yetishmasligimi? Umuman, tezkor axborot davrida gazetalar qanchalik “jon saqlab” qola oladi, deb o‘ylaysiz?

– Hamma davrning o‘z fojiasi, kamchiligi bo‘lganidek, yutug‘i ham bo‘ladi. Biz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi adadi sakkiz yuz mingdan oshgan, “Yoshlik” jurnali million nusxada chiqqan paytlarga guvohmiz. Ustozlarimizning kitoblari yuz ming nusxada chop etilganini ko‘rganmiz. Bugun esa kitobga munosabat o‘zgardi, buni ham haqqoniy baholash kerak. Hozirgi kitobxon yoki gazetxon o‘sha paytlari kitobdan olgan axborotni bugun ijtimoiy tarmoqlardan, televideniyedan olyapti. Bilasizmi, inson doim axborotga tashna, shu tashnalikni qondirish kerak. Bir paytlar biz o‘qigan she’rlar zamirida pinhona qalb isyoni bo‘lardi, sevgi izhori bo‘lardi, haqiqiy vatanparvarlik tuyg‘usi bo‘lardi. Biz o‘qib, zavqlanib, shundan kuch olardik. Hozir shu ehtiyoj ijtimoiy tarmoq yoki boshqa vositalar orqali qondirilayotgan ekan, endi biz aynan kitobxon qavmni, kitobxon toifani, “estet”lar deymiz ularni, ya’ni, “xos”larni tarbiya qilishimiz kerak. 

Mushohadaga chorlaydigan jihat shuki, bugun she’riyat butun dunyo bo‘ylab achinarli ahvolda. Masalan, biz borgan, ko‘rgan davlatlarda ham eng mashhur shoirlar kitobi 500 nusxa, nari borsa 1000 nusxa atrofida chop etiladi. Yevropa va Amerika tomonlarda nasr hali ham yetakchi, she’riyat esa deyarli o‘lgan. Buning sababi nimada? O‘ylashimcha, she’riyat ularda badiiy filmlarga ko‘chgan. She’riyatning ko‘p jihatlarini filmlar, tasviriy san’at asarlari, kartinalarda ko‘rish mumkin. Go‘zallikka tashnalik qo‘shiqda, musiqiy ohangda ko‘rinadi. Shu ma’noda aytmoqchimanki, adabiyotni, kitobiy, badiiy go‘zallikni ilg‘aydigan, tushunadigan avlod tarbiya qilinsagina, shunday toifa shakllanadi.

Gazeta masalasiga kelsak, ayni payt gazeta chiqarish butun dunyoda ham u qadar taraqqiy etgan emas. To‘g‘ri, masalan, “Washington post”, “The New York Times” yoki nemislarning mashhur gazetalari hali ham ommabop. Sababi, ularning o‘ziga “xos” o‘quvchilari bor. Ularda gazeta o‘qiydigan avlod shakllangan. Faqat bu nashrlarning ko‘pchiligi reklama sifat, siyosat yoki ma’lum bir toifa manfaati uchun xizmat qiladi. “Literaturnaya gazeta” yoki o‘zimizning “O‘zAS”ga o‘xshagan adabiy gazetalar, deyarli, yo‘q. Bo‘lsa ham juda kam nusxada chiqadi.

– Ma’lumki, chinakam iste’dod sohibi qalb isyoni ichra, jadid misoli kurashib yashaydi. U millati yuksalishi, yurti taraqqiy etishini chin dildan istaydi. Deylik, Shavkat Rahmonning “Yovga ters qaragan musulmon emas” satrida, Asqar Mahkam, A’zam O‘ktam, Rauf Parfi she’rlarida o‘zgacha isyonkor ruh bor, g‘oya bor. Yoki sizning “Jadidlar” nomli she’ringizda ham buni ilg‘ash mumkin. Bugun haqiqatan jadidlarga ehtiyoj bormi yoki zamonamiz jadidlari sifatida kimlarni e’tirof eta olasiz?

– Bilasizmi, bugun falonchi jadid, desangiz, kishi ko‘z oldiga Behbudiy yoki Cho‘lpon keladi-da, “Yo‘g‘-ye, mumkin emas” deydi. Abdulla Qodiriy aytganidek, har bir davrni o‘z qahramonlari bo‘ladi. Bugun xolis niyat bilan ilm maskanlari bunyod etayotgan, hatto maktab qurib o‘z nomini oshkor qilmayotgan saxovatpesha odamlarimiz bor. Ta’limga yangicha yo‘nalish tatbiq qilib dars o‘tayotgan yoki o‘z o‘quvchisini jahon darajasiga olib chiqib, beminnat o‘qitayotgan ustozlarimiz bor.

Kimki qaysi sohada yangilikka intilayotgan bo‘lsa va shu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishayotgan bo‘lsa, o‘shani jadid bobolarimiz izdoshi, desak bo‘ladi. Faqat bu harakat fanga, ta’limga, ilmga, ma’rifatga va eng asosiysi ezgulikka asoslangan bo‘lsin. Bizda “jadid” tushunchasiga umumiy qarash shuki, oramizdagi ilm, ma’naviyat bilan xalqni olg‘a boshlashga xizmat qilayotgan, elni ma’rifatli qilish uchun fidoyilik ko‘rsatayotgan insonlarni jadid deb ataymiz. Ularga “Siz jadidsiz” deydigan bo‘lsak, ko‘pchiligi o‘zini noqulay his qiladi, chunki bu nomning yukini, zalvorini yaxshi bilishadi.

Gazetamizning “Bugunning jadidlari” ruknida faoliyati yoritilgan Arabboy Marahimovga sim qoqib, “Siz haqingizda maqola yozmoqchimiz” deganimizda, u kishi “Yo‘g‘-ye, meni jadid deb yozmanglar, bu juda katta mas’uliyat”, degan fikrni bildirdi.

Endi tasavvur qiling: asl jadid bobolarimiz boyligidan, shaxsiy mulkidan, halovatidan, kerak bo‘lsa, oilasidan kechib, xalqni ma’rifatli qilaman, deya o‘z hayotini qurbon qilganlar. Shu ma’noda, bugun mana shunday fidoyilikni yuragiga jo qilgan insonlar o‘z yo‘nalishida nimadir ezgu ishni beminnat, beta’ma qilayotgan bo‘lsa, shularni bugungi kunning jadidlari, deb atash mumkindir.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sEBTm_00lmU" title="Iqbol Mirzo: Jadidlar johillik, qoloqlikning ildizi ilmsizlikda, deb bilishgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.

O‘zA