Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ipoteka olish tartibi o‘zgardi: 1-apreldan yangi talab kuchga kiradi
11:28 / 2026-03-05

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Yangi uy-joylar qurish hajmini oshirish, ipoteka kreditlarini ommalashtirish va fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, ipoteka bozorini takomillashtirish, subsidiya ajratish tartibini shaffoflashtirish va moliyaviy mexanizmlarni kengaytirish bu sohadagi muhim vazifalardan hisoblanadi.

Bu borada joriy yil 24-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ipoteka tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘ldi.  

Mazkur hujjat ipoteka kreditlari ajratish tartibini takomillashtirish, subsidiyalar tizimini raqamlashtirish, fuqarolar uchun yangi moliyaviy instrument “ipoteka omonati” mexanizmini joriy etish kabi bir qator yangiliklarni nazarda tutadi.

Bu yangiliklar ipoteka tizimida shaffoflikni oshirish, aholining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish hamda qurilish bozorini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, ko‘p kvartirali uylardan xonadon sotib olish uchun ajratiladigan subsidiyalar tizimi to‘liq raqamlashtiriladi. Endi fuqarolarning subsidiya olishga mos kelishi Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bu yangilik inson omilini kamaytirish, arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirish hamda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, subsidiya olish uchun arizalar har yili 16-martdan 1-dekabrgacha qabul qilinishi belgilandi.

Farmonda birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng yuqori miqdori ham aniq belgilandi. Xususan, Toshkent shahrida — 480 mln. so‘mgacha, hududlarda — 380 mln. so‘mgacha belgilandi. Bu limitlar ipoteka mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlash va uy-joy bozorida muayyan barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

2026-yil 1-apreldan boshlab byudjet mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlari faqat rasmiy daromadga ega fuqarolarga beriladi. Shu bilan birga, fuqaro ijtimoiy soliq to‘lab kelgan bo‘lishi talab qilinadi. Bu talab bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026-yilda so‘nggi 1 yil, 2027-yilda so‘nggi 2 yil, 2028-yildan boshlab so‘nggi 3 yil joriy etiladi. Mazkur mexanizm fuqarolarni rasmiy ish bilan ta’minlanishga rag‘batlantirish va ipoteka kreditlari bo‘yicha to‘lov qobiliyatini aniqroq baholashga xizmat qilishi mumkin.

Farmon bilan ipoteka tizimiga yangi mexanizm — “ipoteka omonati” ham joriy etilmoqda. 2026-yil 1-iyuldan boshlab xorijiy tajriba asosida tajriba-sinov tartibida ishga tushiriladigan mazkur tizim fuqarolarning ipoteka olishdan oldin mablag‘ jamg‘arishini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Mexanizm quyidagicha ishlaydi. Jumladan, subsidiya olish bo‘yicha ijobiy xabarnoma olgan fuqaro bankda ipoteka omonati ochadi. Ushbu omonatga ipoteka krediti bo‘yicha talab qilinadigan dastlabki badalning bir qismi jamg‘ariladi. Omonat 12 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda shakllantiriladi. Shu bilan birga, davlat subsidiyalari ham ushbu omonatni shakllantirish uchun oldindan o‘tkazilishi mumkin. Omonat mablag‘lariga tijorat banklari tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi.

Farmonda ipoteka oluvchilar uchun yana bir muhim yengillik belgilandi. Kredit ajratilgandan keyin dastlabki 5 yil davomida ipoteka foizlarining Markaziy bank asosiy stavkasidagi qismidan yuqori qismi davlat subsidiyalari hisobidan qoplab beriladi. Bu ipoteka qarzdorlarining moliyaviy yukini kamaytirishga xizmat qiladi.

Hujjatga muvofiq, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish limiti 15 foizga oshiriladi. 2026-yil uchun ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi. “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi”ning ustav kapitali 2030-yilga qadar 5 trillion so‘mga yetkaziladi. Bu mablag‘lar davlat byudjeti va tijorat banklari resurslari hisobidan shakllantiriladi.

Iqtisodiy tahlillarga ko‘ra, ipoteka tizimidagi ushbu yangiliklar bir nechta muhim natijalarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, subsidiyalar taqsimoti raqamlashtirilishi orqali tizimdagi shaffoflik va adolatlilik oshadi. Ikkinchidan, “ipoteka omonati” mexanizmi aholining moliyaviy intizomini kuchaytirish va dastlabki badal muammosini qisman hal etishga yordam beradi.

– Subsidiya ajratish jarayonining raqamlashtirilishi korrupsiya xavfini kamaytiradi va arizalarni ko‘rib chiqishni ancha tezlashtiradi, – deydi Bank-moliya akademiyasining katta o‘qituvchisi, islom moliyasi eksperti Hamid Rahmatov. – Eng muhimi, bu tizim subsidiyalar haqiqatan ham ehtiyojmand oilalarga yetib borishini ta’minlaydi.

Shuningdek, rasmiy daromad va ijtimoiy soliq talabining joriy etilishi iqtisodiyotda noqonuniy mehnat ulushini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. Umuman olganda, mazkur farmon ipoteka tizimini yanada samarali va barqaror rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, aholining uy-joy sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA