Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ipoteka obligatsiyalari bozori yangilanmoqda: foiz to‘lovlari Markaziy depozitariy orqali amalga oshiriladi
12:23 / 2025-11-14

O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish va moliyaviy instrumentlar shaffofligini oshirishga qaratilgan muhim qadam amalga oshirildi. Joriy yilning 11 noyabrida “Ipoteka obligatsiyalarini chiqarish sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalarining emissiyasi va muomalasi” to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ushbu hujjat ipoteka obligatsiyalarining chiqarilishi, muomalasi va investorlar huquqlari himoyasini yanada aniqlashtiruvchi muhim me’yoriy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Nizomga ko‘ra, endilikda ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha foiz to‘lovlari, obligatsiyalar nominal qiymatining so‘ndirilishi faqat “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ orqali amalga oshiriladi.

Bu esa to‘lovlarning yagona markaz orqali o‘tishi, operatsiyalarning shaffofligi oshishi va investorlar uchun xavflarning kamayishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bozor ishtirokchilari uchun hisob-kitob jarayonlari ancha soddalashadi.

Ipoteka obligatsiyalari bilan bog‘liq barqarorlikni ta’minlash maqsadida ipoteka qoplamasiga faqat quyidagi talablarga javob beradigan kreditlar kiritiladi. Garovga nisbatan kredit ulushi 75 foizdan kam bo‘lmasligi, ya’ni kredit qat’iy garov ta’minotiga ega bo‘lishi kerak. Qarz oluvchining qarz yuki 70 foizdan oshmasligi,  bu kredit qaytmasligini kamaytiruvchi asosiy ko‘rsatkichni egallaydi.

Kredit berilganiga 6 oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lishi – kreditlar tortishuvsiz va qoplanish qobiliyati aniqlangan bo‘lishi kerak. Bu talablar ipoteka obligatsiyalarining sifati va barqarorligiga e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Ipoteka qoplamasiga kiritiladigan har bir kredit bo‘yicha quyidagi hujjatlar majburiy hisoblanadi. Ipoteka va kredit shartnomalari, to‘lovlar jadvali, sug‘urta polisi, garov ob’ekti mulk huquqi hujjatlari, ipoteka shartnomasining davlat reyestridan o‘tganligi haqida umumiy reyestrdan ko‘chirma hujjatlar majburiy hisoblanadi.

Bu orqali har bir kreditning huquqiy holati rasmiylashtirilgan va kafolatlangan bo‘ladi. To‘lovlarning Markaziy depozitariy orqali amalga oshirilishi — qoplamaga kiruvchi aktivlar holati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishga xizmat qiladi.

Aniq talab va standartlarning belgilanishi lokal bozorda yangi emitentlar paydo bo‘lishi uchun zamin yaratadi.

Kreditlar sifatiga qo‘yilgan talablar ipoteka portfellarining xavfini kamaytiradi.

Yangi nizom O‘zbekiston ipoteka bozorini modernizatsiya qilishdagi muhim bosqich bo‘lib, xalqaro amaliyotga mos institutsional mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi. Investorlar uchun shaffoflik, emitentlar uchun aniq tartib, bozor uchun esa barqarorlik va ishonch mustahkamlanadi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar ipoteka obligatsiyalari bozorining rivojlanishiga va iqtisodiyotga qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb etilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA