O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlash va zamonaviy transport vositalarini sotib olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda joriy yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida ipoteka va avtokreditlar tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Ushbu hujjat aholi uchun ipoteka kreditlari miqdorini oshirish, elektromobillar xaridini rag‘batlantirish hamda kredit yukini kamaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlarni o‘z ichiga oladi.
Farmon loyihasi 2026 yilda ipoteka va avtokredit tizimini takomillashtirish, shu jumladan ishlab chiqilgan elektromobillar va uy-joyga kredit berishni yanada rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli choralardan iborat. Loyiha mamlakat iqtisodiyoti va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Prezident tashabbusi bilan ipoteka kreditlarining miqdori sezilarli darajada oshirilmoqda. Toshkent shahrida bitta kvartira uchun ajratiladigan ipoteka krediti miqdori 480 million so‘mgacha yetadi. Hududlarda esa shu miqdor 380 million so‘mgacha belgilanadi.
2026 yilda jami 23 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu davlat byudjeti, tijorat banklari va maxsus moliyalashtirish kompaniyalari hisobiga amalga oshiriladi.
Ipoteka kreditlari bilan bog‘liq subsidiyalar ham oshiriladi. Foiz to‘lovlarining bir qismi va dastlabki to‘lov qismi davlat tomonidan qoplanishi belgilangan. Bu fuqarolar uchun uy sotib olishni yanada qulay qiladi.
Loyiha doirasida ekologik toza transportni rag‘batlantirish maqsadida quyidagi yangilangan mexanizmlar joriy etiladi. Elektromobil xaridi uchun 12 foiz va 16 foizli kreditlar beriladi. Mahalliy elektr avtomobillar uchun 12 foiz, import qilingan elektromobillar uchun esa 16 foizli kreditlar beriladi.
Bu kreditlar bo‘yicha banklardan olingan foizning yuqori qismi davlat tomonidan subsidiya qilinadi, ya’ni fuqarolarga qarzni to‘lash yengillashtiriladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari qurish uchun tadbirkorlarga 10 foizli maqsadli kreditlar ajratiladi. Bu stansiyalarni tashkil etish, energiya tizimiga ulash va xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha subsidiyalar va imtiyozlar belgilanadi.
Bundan tashqari, elektromobillar bozorini rivojlantirish strategiyasi doirasida mamlakatda yuqori ekologik standartlarga asoslangan infratuzilma barpo etish rejalashtirilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA