Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ipoteka kreditlari bo‘yicha kafilliklar beriladi
19:19 / 2021-07-24

Mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasidagi muhim masalalardan biridir.

Bu borada ayniqsa, uy-joyga muhtoj bo‘lgan aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash, imtiyozli kreditlar yoxud subsidiyalar ajratish orqali ularning uy-joy olishlariga ko‘mak berish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.  

Vazirlar Mahmasining 2021 yil 24 iyuldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.  

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 avgustgacha tajriba tariqasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha mahalliy hokimliklarning kafilliklarini berish va muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorliklarni qoplash tartibi joriy qilinadi.  

Qaror bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha mahalliy hokimliklar tomonidan kafilliklar berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomga muvofiq, kafillik ro‘yxatdagi qarz oluvchilarga banklar tomonidan ajratilgan (ajratiladigan) ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladi. Kafillik berilganligi uchun hokimliklar tomonidan to‘lov (mukofot puli) undirilmaydi. Kafillik hokimliklar tomonidan “Xalqparvar” komissiyalarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina beriladi.  

Kafillikni olish uchun qarz oluvchi ariza hamda unga ilova sifatida shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasini hokimlikka taqdim etadi. Hokimlik hujjat kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay hujjatlarni “Xalqparvar” komissiyasiga, qarz oluvchi va uning oila a’zolarining shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlarini hududiy davlat soliq boshqarmasiga yuboradi. “Xalqparvar” komissiyasi hujjatlarni o‘rganib chiqadi va soliq boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni mobaynida tanqidiy mulohazalar bo‘lmaganda qarz oluvchini ro‘yxatga kiritadi va hokimlikka ipoteka krediti bo‘yicha kafillik berishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida ijobiy xulosani taqdim etadi. Ushbu tartib 2022 yil 1 avgustga qadar amal qiladi.  

Ta’kidlash joizki, ushbu qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda katta ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA