Ma’lumki, Prezidentimizning 2022 yil 22 sentyabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadida bir qator imtiyozlar berilmoqda.
Xususan, shu qarorga asosan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi.
Bunda imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.
Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga ko‘ra, bir qator daromad turlariga soliq solinmaydi. Soliq to‘lovchining quyidagilarga yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi. Olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami o‘n besh million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda qoplashga, basharti yakka tartibdagi uy-joyning yoki ko‘p qavatli uydagi xonadonning qiymati uch yuz million so‘mdan oshmasa hamda u dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun byudjetdan ajratilgan subsidiyalarni hisobga olgan holda olingan bo‘lsa.
Mazkur imtiyoz qarz oluvchiga va birga qarz oluvchilarga, imtiyoz olish huquqiga ega bo‘lgan barcha soliq to‘lovchilarga berilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan daromadlarni kamaytirish summasi soliq davri davomida jami o‘n besh million so‘mdan oshmagan taqdirda tatbiq etiladi.
Mol-mulk unga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran 36 oy ichida begonalashtirilganda, daromadlar soliqqa tortiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA