Joriy yilning 22 sentyabrida “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan xalqaro moliya tashkilotlaridan Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb etilgan mablag‘lar hisobidan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz to‘lovlarini har 6 oyda to‘lash sharti bilan 300 milliard so‘mgacha byudjet ssudasi ajratilishi belgilandi.
Mazkur hujjat bilan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator imtiyozlar joriy etildi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Akbarjon Nig‘matov bilan suhbatimiz shu xususda bo‘ldi.
– Endilikda ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun kam foizli ipoteka kreditlari ajratiladimi?
– Yuqoridagi hujjatga asosan, Davlat byudjetidan ajratiladigan 300 milliard so‘mgacha ssuda mablag‘lari qaytarib berish sharti bilan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga ajratildi. Mazkur kompaniya o‘z navbatida tijorat banklari tomonidan fuqarolarga ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun yo‘naltiradi. Keyinchalik mazkur mablag‘lar ipoteka kredit to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar hisobidan byudjetga tiklanadi.
Shuningdek, “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga aholiga ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish vazifasi yuklatilgan. Mablag‘ning foiz stavkasi bu tijorat banklarining ichki ipoteka kredit siyosatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Hozirgi kunda bu 17,5-18,5 foizni tashkil etmoqda.
Kompaniyaning qayta moliyalashtirish yo‘nalishi birlamchi bozor uchun qurilgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olish yoki ikkilamchi bozordan sotib olishga qaratilgan.
– Kreditning maksimal miqdori qanchani tashkil etadi?
– Uy-joy sotib olish uchun 323 milliom so‘m, ta’mirlash ishlari uchun 80 million so‘mdan oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi. Tijorat banklari tomonidan bir qarz oluvchiga ushbu summalardan ortiqcha miqdorda kredit ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kreditning maksimal muddatini belgilash tijorat banklari ichki qoidalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Biroq, kompaniya talabiga asosan, turar joy uchun olinadigan kreditlarning eng kam muddati 10 yilga, eng uzoq muddati 20 yilga, ta’mirlash ishlari uchun ajratiladigan kreditlar 10 yildan oshmagan muddatga rasmiylashtirilishi zarur.
– Kredit uchun yetarli bo‘ladigan oylik daromad qanchani tashkil etadi?
– Kredit oluvchi shaxs doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi zarur. Kreditning oylik to‘lovi uchun oila umumiy daromadining maksimum 50 foiz yetarli bo‘ladi. Misol uchun, oilaning oylik daromadi o‘rtacha 6 million so‘mni tashkil etsa, kreditning bir oylik to‘lovi ko‘pi bilan 3 million so‘mni tashkil etishi zarur. Shuningdek, oilaning oylik daromadi 10 million so‘mdan oshmasligi zarur.
– 2021 yildagi subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning muddati qanchaga uzaytirildi?
– 2021 yilda aholiga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnoma berildi. Uning muddati 12 oy etib belgilangan edi. Uy-joy sotib olishga ulgurmagan, subsidiya xabarnomasi muddati o‘tib ketgan aholining murojaatlari, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tashabbus bilan chiqqan takliflar inobatga olingan holda 2021 yilda berilgan subsidiya xabarnomasi to‘lov muddati yil yakuniga qadar uzaytirildi.
– Yuqoridagi hujjatda pardozsiz, ya’ni xalq tili bilan aytganda “korobka” uylar uchun ham subsidiya berilishi belgilangan. Buning tartibi qanday?
– Mazkur qarorga asosan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan, daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolarni uy-joy sotib olishlarida ipoteka krediti bo‘yicha subsidiyalar ajratish va ular bo‘yicha soliq imtiyozlarini berish nazarda tutilgan. Ya’ni 2023 yil 1 yanvardan boshlab subsidiya asosida uy-joy sotib olgan fuqaro yillik daromadidan 9 millionga yaqin mablag‘ni iqtisod qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Ya’ni mehnatga haq to‘lash minimal miqdorining 80 barobarigacha bo‘lgan summada kreditni foiz va asosiy qarz to‘lovlariga yo‘naltirgan qismidan daromad solig‘idan ozod qilindi. Bundan tashqari 2022 yil 1 yanvardan boshlab pudrat tashkilotlari tomonidan birlamchi bozor uchun pardozsiz qurilgan uy-joylar uchun ham subsidiya to‘lash tartibi joriy etildi. Shu kungacha, bu tartib xalq tili bilan aytganda “pod klyuch” holatda qurilgan uy-joylarga tatbiq etilar edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/H9LInkOeuMw" title="IKKILAMCHI BOZOR UCHUN PAST FOIZLI IPOTEKA KREDITLARI OCHILDI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>– Xususiy tashkilotda faoliyat yuritayotgan fuqarolarga ham subsidiya beriladimi?
– Subsidiya asosida uy-joy sotib olishda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi tegishli qarori tasdiqlangan. Mazkur qarorga asosan subsidiya beriladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlar asosida baholash joriy etilgan.
Unga asosan ikkita mezon bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Ya’ni birinchidan, fuqaroning nomida uy bor yoki yo‘qligi kadastr organlari tomonidan baholab beriladi. Bundan tashqari fuqaroning daromadi o‘rganiladi. Subsidiya bu shaxsga emas, oilaga ajratiladi. Bu degani turmush qurmagan yoki oilasi yo‘q odam subsidiya olmaydi degan ma’noni bermaydi. Agar oilali bo‘lsa, oilaviy daromadi inobatga olinadi. Yolg‘iz bo‘lsa, o‘zining daromadi inobatga olinadi. Mehnatga haq to‘lashning minimal miqdorining 2,7 barobari minimal chegara hisoblanadi.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatimizda 90 mingdan ortiq fuqaro uy-joy olish maqsadida subsidiya so‘rab ariza bilan murojaat qilgan. Ulardan qanchasining arizasi qanoatlantirilgan?
– 2021 yilda mamlakatimizda 90 mingdan ortiq fuqaro uy-joy olish maqsadida subsidiya so‘rab ariza bilan murojaat qilgan. Ulardan barcha ijtimoiy mezonlar asosida baholash natijasiga ko‘ra, 25 mingdan ortiq fuqaroga subsidiya asosida uy-joy ajratish to‘g‘risida xabarnoma taqdim etilgan. bugungi kun holatida 13 mingdan ortiq fuqaro o‘z uy-joylariga ega bo‘lib, subsidiya mablag‘larini qabul qilib oldi.
Subsidiya ajratish tartibiga asosan, ma’lum ijtimoiy mezonlarni baholash uchun mas’ul tashkilotlar belgilangan. Mamlakatimizda 218 ta tuman shahar bo‘lsa, har birida alohida mustaqil komissiyalar tashkil etilgan. Komissiyalar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Agar fuqaro tomonidan ariza topshirilsa-yu, u asossiz ravishda rad etilsa, birinchi navbatda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, ya’ni komissiyasi rahbariga murojaat qilish kerak.
2022 yil davomida subsidiyani o‘zlashtira olmasa fuqaro o‘z arizasiga binoan tumanda tashkil etilgan komissiya raisining nomiga ariza beradi. Fuqaroning xohishiga binoan subsidiya xabarnomasi bekor qilinadi va tizimdan o‘chiriladi. Bu fuqaroga subsidiya ajratilmadi deb qabul qilinadi. Keyingi yil belgilangan tartibda qayta ariza topshirib subsidiya olishi mumkin
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri