O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov "OTR Bank" boshqaruvi a’zosi, bosh direktor o‘rinbosari Laslo Volf bilan uchrashdi.
Vengriyaning yetakchi bank-moliya guruhlaridan biri hisoblangan "OTP Group" tarkibida jami 1 656 filial mavjud. Aktivi 102 milliard yevro, bozor kapitallashuvi 12,4 milliard yevro. Mijozlar 17 million, xodimlar 41 000 nafar. Kapital rentabelligi esa 9,8 foizni tashkil qiladi.
Muloqot davomida "OTP Group" tomonidan “Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish loyihasining keyingi bosqichi rejasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, korxonada raqamli xizmat ko‘lamini kengaytirish orqali mijozlar uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan yangi mobil bank platformasi ishga tushirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida parrandachilik klasteri tashkil etish mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, zamonaviy agro-sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va "OTP Group" o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldilar.
G.Sattorova, O‘zA