“Apple” kompaniyasi eng arzon smartfonlar qatoriga kiruvchi yangi “iPhone 17e” modelini rasman namoyish qildi. 4-martdan boshlab ushbu qurilma uchun buyurtma qabul qilinadi, ochiq savdo esa 11-martdan boshlanadi.
“iPhone 17e” tashqi ko‘rinishi 16e modeliga o‘xshash: dizayn va ekran o‘lchami deyarli o‘zgarmagan. Kompaniya bu safar ham ekran tepasidagi qismni saqlab qoldi.
Asosiy o‘zgarish ichki imkoniyatga qaratilgan, mustahkamlik kuchaytirilgan, “Ceramic Shield” ikki qoplamali himoya bilan ta’minlangan. Shuningdek, yangi avlod A19 protsessori hamda “MagSafe” simsiz quvvatlash texnologiyasi qo‘llab-quvvatlangan. Ayni jihat yangi telefonni funksional jihatdan qimmatroq “iPhone 17” modeliga yaqinlashtiradi.
Tasvirga olish tizimi ham sezilarli darajada yaxshilangan: smartfon 48 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlangan. Ichki xotira hajmi avvalgi versiyaga nisbatan ikki barobar, 256 GBgacha oshirilgan.
Narx masalasiga kelsak, “iPhone 17e”ning boshlang‘ich bahosi 599 dollardan boshlanadi. Qurilma qora, oq va pushti ranglarda taqdim etildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA