Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"iPhone 17" olib kirmoqchisizmi? Bojxonada yangi qoidalar kuchga kirdi
16:56 / 2025-10-05

Ma’lumki, so‘ngi vaqtlarda yurtdoshlarimiz tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadida mobil qurilmalarni olib kirish jarayonida to‘lovlar bilan bog‘liq savollar ko‘paymoqda.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi 244-son qarori bilan jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoji uchun olib kiradigan tovarlar uchun bojsiz olib kirish me’yorlari quyidagicha belgilangan.

Havo transporti orqali — 1000 AQSH dollarigacha, Temir yo‘l va daryo transporti orqali — 500 AQSH dollarigacha, avtomobil yoki piyoda o‘tkazish punktlari orqali — 300 AQSH dollarigacha belgilangan.

Agar mobil qurilmaning qiymati belgilangan normadan oshsa, me’yordan ortiq qismga nisbatan 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi 55-son qaroriga muvofiq, bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini to‘ldirish va rasmiylashtirish uchun BHMning 25 foizi (103 000 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Mobil qurilmaning bojxona qiymati chek, kvitansiya yoki boshqa tijorat hujjatlarida ko‘rsatilgan narxlardan kelib chiqib belgilanadi.

Agar shaxs tovar qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasa, bojxona organi mustaqil ravishda qiymatni belgilaydi. Bu holda ular qo‘lidagi elektron deklaratsiya bazasi ma’lumotlari yoki muqobil manbalar (ishlab chiqaruvchi kompaniyalar narxlari, rasmiy preys-listlar, byulletenlar va boshqalar)dan foydalanadi.

Masalan, fuqaro tomonidan "iPhone 17" olib kirilganda, agar chegarada chek yoki kvitansiya taqdim etilsa, bojxona qiymati aynan shunday hujjatlardagi summa asosida belgilanadi.

Agar hujjatlar bo‘lmasa, narx ishlab chiqaruvchi "Apple" kompaniyasining fuqaro kelgan davlatdagi rasmiy saytidagi ma’lumotlar asosida hisoblanadi.

Shuningdek, qurilmaning bojxona qiymati uni olib kirilayotgan davlatdagi bozor narxlari bilan ham bog‘liq bo‘ladi.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, "iPhone 17" modelini bojxona rasmiylashtirishda qo‘llanilayotgan qiymatlar fuqarolar uni asosan olib kelayotgan davlatlar kesimida aniqlanmoqda.

Yangi ma’lumotlar va davlatlar bo‘yicha narxlar yangilanganda qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi.

Fuqarolar uchun mobil qurilmalarni olib kirishdagi bojxona tartiblari aniqlashtirildi. Asosiy tavsiya — chek va tijorat hujjatlarini saqlash hamda bojxonada ularni taqdim etish. Bu orqali ortiqcha to‘lov va noaniqliklarning oldi olinadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA