English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ipakchilikka bag‘ishlangan seminar
17:02 / 2024-02-22

Ipak qurti boqish, uni bir oy davomida uzluksiz oziqlantirish mashaqqatli ish. Buning uchun inson, avvalo, sabrli va mehnatkash bo‘lishi lozim.

Navbahorlik Sayyora Nabiyeva yoshligidan qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlariga ipak qurti boqishga ko‘maklashgan. U bu tarmoqning barcha mashaqqatini yaxshi biladi. Yoshligi mehnatda qotgan opa mana 22 yildirki “Ibod bobo” fermer xo‘jaligini boshqarib kelmoqda. Opa nafaqat g‘alla va paxta yetishtiradi, balki chorvachilik va pillachilik bilan ham shug‘ullanadi. 

– Agarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi mehnat faoliyatim 20 yildan oshgan bo‘lsa, shuning so‘nggi 15 yilida uzluksiz ipak qurti boqib kelaman, – deydi opa. – Fermer xo‘jaligimizning bir gektar tutzor maydoni bor. Har yili pillachilikdan yuqori ko‘rsatgichlarga erishib kelmoqdaman. Yildan-yilga pillachilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pillakorlarga ko‘plab imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, bir oy pilla tutgan shaxslarga bir yillik mehnat stajining berilishi ham katta imkoniyatlardan biri, deb bilaman.

Yaqindagina Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham pillachilik haqida so‘z yuritilib, pilla narxini 25 foizga oshirish, pilla yetishtiruvchilarni subsidiya va daromad solig‘idan ozod qilish to‘g‘risida so‘z yuritildi. Bu ham biz pillakorlarga berilayotgan e’tiborning bir ko‘rinishidir. 

Opa bilan suhbatlashar ekanmiz, u ipak qurti tozalik va ozodalikni, e’tiborni talab etishi, pilla boqiladigan xonani shamollatib turish, haroratini doimiy nazoratda saqlash lozimligini alohida ta’kidladi. 

Darhaqiqat, bu fikrlar Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Ipakchilik sohasini rivojlantirishning yangi bosqichlari va yo‘nalishlari” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda ham qayta va qayta ta’kidlandi. 

[gallery-16091]

Tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbarlari, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster va fermer xo‘jaliklar mas’ullari, pillakorlar ishtirok etgan tadbirda ipakchilikni rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratildi. 

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda ipakchilik sohasida ham islohotlarni yanada chuqurlashtirish, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini ko‘paytirish haqida so‘z yuritildi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ipak qurtini parvarishlash mavsumiga tayyorgarlik ishlari, urug‘larni to‘g‘ri jonlantirish, qurtlarni kichik va katta yoshlarida agrotexnik talablar asosida parvarishlash hamda pilla o‘rash davrida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan tadbirlar, ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, klaster va fermer xo‘jaliklarida intensiv tutzorlarni tashkil qilish, pillachilikda qo‘llaniladigan dezinfeksiyalovchi vositalar, yetishtirilgan sanoat pillalarini terish, qabul punktiga topshirish va unga dastlabki ishlov berish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar berishdi. 

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari