“O‘zbekipaksanoat” uyushmasida “Global Labor Justice” xalqaro nodavlat tashkilotining majburiy mehnat dasturi direktori A.Gill hamda Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi koordinatori R.Dimitreskulardan iborat xalqaro delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab mehmonlar mamlakatimizda mavjud 11 turdagi tut navlaridan tashkil topgan tutzor bilan tanishib, ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Uyushmadagi milliy ipak mahsulotlari ko‘rgazmasi, ipak mahsulotlaridan tayyorlangan, jumladan, atlas, adras, shoyi va a’lo baxmal kabi milliy matolar, tarixiy dizaynda yaratilgan liboslar, zamonaviy andozalar asosida to‘qilgan jun gilamlar, attorlik buyumlari hamda qadriyatlarimiz aks etgan osori-atiqalar bilan tanishishdi.
Shundan so‘ng Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi majlislar zalida mehmonlar bilan so‘nggi yillarda ipakchilik tarmog‘ida erishilgan yutuqlar, iqtisodiy islohotlar, xorijiy investitsiyalar, ozuqa bazasi, xususan tutzorlarni kengaytirish va ulardan qanday qilib samarali va unumli foydalanilayotganligi borasida suhbatlashildi. Mehmonlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.
– O‘zbekiston ipak mahsulotlari ishlab chiqarishda katta imkoniyatga ega, – dedi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. – Undan samarali foydalanish masalasiga davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari ham katta e’tibor qaratgan. Chunki bu soha nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatli. Unda 1 millionga yaqin aholi ish bilan band bo‘lib, ularning 90 foizi asosan chekka hududlarda yashovchi xotin-qizlardir. Biz to‘rt yilda bosqichma-bosqich pilla yetishtirishdan boshlab, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoniga yetib keldik.
Mamlakatimizda yiliga 25 ming tonna pilla yetishtiriladi va hozirda 76 ta pillani qayta ishlash korxonalari bor. 5 ta mato ishlab chiqaruvchi fabrikalarimiz faoliyat olib boradi. 2022 yilda 50 foiz ipakni o‘zimizda matoga aylantirib, xorijga eksport qilish rejalashtirilgan.
Uchrashuv so‘ngida mehmonlar ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ijobiy fikrlar bildirishdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA