Mamlakatimizda ipakchilik sohasini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda kasanachilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosat o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatib kelmoqda.
Xususan o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalar tomonidan 87 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi. Bu belgilangan rejaning to‘liq bajarilganini anglatishi bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan 161 foiz o‘sish qayd etilganini ko‘rsatadi.
–Investitsiyalar yo‘nalishida ham sezilarli ijobiy natijalar kuzatildi. 2025 yilda ipakchilik sohasiga 45,5 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va yillik reja 100 foiz bajarildi, –dedi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Ikromjon Sayfullayev. – Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 27,5 million dollarga ko‘p bo‘lib, sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi bir yil ichida qariyb 153 foizga oshganini anglatadi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda investitsiyalar hajmi 18 million dollar bo‘lganini hisobga olganda, sohaning investitsion jozibadorligi sezilarli darajada oshgani yaqqol ko‘rinadi.
Shu bilan birga, bandlik ko‘rsatkichlarida ham ijobiy o‘sish qayd etildi. Xususan, 2024 yilda ipakchilik sohasida band bo‘lganlar soni 1 million 222 ming 875 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 1 million 427 ming 850 nafarga yetdi. Joriy yilgi ipak qurti parvarishlash mavsumlarida respublika bo‘yicha 30,1 ming tonna tirik pilla yetishtirilib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimida ijro intizomini kuchaytirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan qat’iy choralar ham ko‘rildi. Qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lmagan, bir necha yillar davomida prognoz ko‘rsatkichlarini bajarmagan hamda ijro intizomiga rioya etmay kelayotgan 12 ta korxona tizimdan chiqarildi.
Ipakchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash siyosati o‘tgan yilda ham davom etdi. Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, ipakchilik sohasiga berilgan qator soliq va moliyaviy imtiyozlarning amal qilish muddati 2029 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Xususan, uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar jismoniy shaxslar daromad solig‘idan, mehnatiga haq to‘lash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar ijtimoiy soliqdan ozod qilindi. Shuningdek, tutzorlar bilan band yer uchastkalari uchun yer solig‘ini 0,1 koeffitsiyent asosida to‘lash tartibi saqlab qolindi.
2025 yil ipakchilik sohasida ko‘p yillardan beri mehnat qilib kelayotgan insonlarni rag‘batlantirish yili sifatida ham qayd etildi. Prezidentimiz farmon va farmoyishlari bilan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan qator tadbirkorlar, agronomlar va pillachilar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Shuhrat” medali hamda faxriy unvonlar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, o‘tgan yil “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi uchun eksport va investitsiyalarda yuqori o‘sish, ishlab chiqarishda barqarorlik, tizimda qat’iy tartib-intizom va kasanachilikni keng qo‘llab-quvvatlash yili bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA