Ayni kunlarda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi I.Ergashov boshchiligidagi ipakchilik klasterlari va urug‘chilik korxonalari rahbarlaridan tashkil topgan delegatsiya a’zolari Xitoy davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Xitoy davlatiga tashrifning birinchi kuni delegatsiya a’zolari Shandong provinsiyasidagi “Shandong Guangtong Silkworm Pro" urug‘chilik korxonasida bo‘lib, urug‘ ishlab chiqarish, qadoqlash shuningdek, tayyorlangan urug‘larni saqlash jarayonlari bilan tanishdi.

Shu bilan birgalikda, korxonada sun’iy ozuqa vositasida ipak qurtini parvarishlash, sun’iy ozuqani tayyorlash o‘rganildi.
Ma’lumki, mazkur korxona O‘zbekistonning bir qator pillachilik klasterlari bilan urug‘ yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Tashrif davomida mazkur hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, bahorgi pilla yetishtirish mavsumi uchun olinadigan ipak qurti urug‘larining kelib chiqishi, texnologik ko‘rsatkichlari ham o‘rganildi.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, “Shandong Guangtong Silkworm Pro" urug‘chilik korxonasi bilan yangi munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, Andijon viloyatida joylashgan xorijiy korxona faoliyatini yanada rivojlantirish shuningdek, ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish hajmini oshirish, unga naslli "elita" va "super elita" urug‘larini olib borish, ularni O‘zbekiston iqlimiga moslashtirish uchun urug‘chilik korxonalari va Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti bilan birgalikda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.


Xitoyga tashrifning ikkinchi kunida delegatsiya vakillari Jiangsu provinsiyasidagi "Jiangsu Susi Silk Co LTD" korxonasida bo‘ldi. Mazkur korxona bilan tanishish jarayonida ishlab chiqarish sikli to‘liq o‘rganib chiqildi. Shundan so‘ng korxona vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi ipakchilik klasterlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, xususan hamkorlikda qo‘shma xorijiy korxona tashkil etish masalasi muhokama etildi.
"Jiangsu Susi Silk Co LTD" ipak chiqindilari va nostandart pillalarni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni o‘z ichiga olgan korxona hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA