"O‘zbekipaksanoat" uyushmasi ko‘rgazma zalida ipakchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida soha ekspertlari va xalqaro dizaynerlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Shveysariya, Jazoir, Rossiya, Chexiya, Quvayt davlati elchilari, GIZ xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etdi.

Uchrashuvga tashrif buyurgan mehmonlarga O‘zbekiston ipakchilik sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan hamda "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi raisining maslahatchisi, xalqaro toifadagi dizayner Yoqut Shmid tomonidan yig‘ilgan o‘zbek atlas-adraslarining noyob kolleksiyalari tanishtirib o‘tildi.

O‘zbekning milliyligi ufurib turgan mazkur shourum, unda o‘rin olgan qadimiy va noyob matolar mehmonlarni hayratga soldi.


Ma’lumki, mamlakatimiz qadimda dunyo savdogarlarini bir-biri bilan bog‘lab turgan. O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining asosiy bog‘lovchisi sifatida tarixdan o‘rin olgan. Tadbirda shular haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA