Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ipakchilik korxonalari mamlakatimiz turizm salohiyatini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shmoqda
17:16 / 2024-01-23

Bugungi kunda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tizimidagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibida 13 ta hududiy va 144 ta tuman “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, 74 ta pillachilik klasteri, 10 ta ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish, 16 ta tutchilik xo‘jaligi, ipak, paxta va jun aralashmalaridan qo‘lda to‘qilgan gilamlar hamda ipak mato va tayyor ipakli kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan “Surxon ipagi” MCHJ shaklidagi korxonaning asosiy faoliyati pillani qayta ishlash, ipak xomashyosini ishlab chiqarish hisoblanadi. Mazkur korxonaning mamlakatimiz ipakchiligi sohasidagi islohotlarga qo‘shayotgan hissasi borasida mazkur MCHJ rahbari Akmal Abdullayev quyidagilarni gapirib berdi:  

– Korxonamiz viloyatning markazi bo‘lgan Termiz shahriga shimol tomondan kirish joyida joylashgan bo‘lib, shaharga kirib kelayotgan har bir kishining ko‘ziga yaqqol tashlanadi hamda qiziqish uyg‘otadi.  

Korxona tomonidan klaster usulida mahsulot yetishtirish uchun  viloyatdagi bir nechta tumanlar biriktirib berilgan. Klaster usulida ipak qurti boqish uchun lozim bo‘lgan ozuqa bazasini yaratish hamda mustahkamlash, vohaning iqlimiga mos bo‘lgan tut ko‘chatlari yetishtirish, onalik tutzorlar barpo etish, yiliga 4 marta ipak qurti boqish imkonini beruvchi ipak qurti boqish maskanlarini barpo etish, ular huzurida parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik va qo‘ychilik kabi qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday usulda yetishtirilgan pilla xomashyosi korxonaning pilla quritish sexlarida quritilgan holda ishlab chiqarish jarayoniga olib kelinadi.  

Pillani qayta ishlash, ipak xomashyosini yigirish, ipak momig‘i ishlab chiqarish uchun uskuna va texnologiyalarning oxirgi modellari Xitoydan olib kelib o‘rnatildi hamda ishga tushirildi. Korxonada qo‘shimcha ravishda ishlab chiqarish jarayonini diversifikatsiyalash bilan bog‘liq amaliy ishlar ham olib borildi. Jumladan, sun’iy dasta ishlab chiqarish, ipak matodan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, ipakli gilamlar to‘qish va ipak qurti boqishda yangi texnologik vositalardan biri sun’iy dasta ishlab chiqarish sexlari ishga tushirildi.  

Korxonamizda hozirgi paytda ikki smenalik ish tashkil etilgan bo‘lib, doimiy ravishda 300 nafardan, mavsumiy tarzda 250 nafardan ortiq ish o‘rinlari yaratildi va ishchi-xodimlar bandligi ta’minlandi. Modernizatsiya tadbirlari doirasida olib kelib o‘rnatilgan texnologiyalar asosiy ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.  

Korxonada ishchi-xodimlar uchun xizmat qiluvchi umumiy ovqatlanish va sutkada 24 soat davomida ishlab turuvchi oziq-ovqat shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.  

– “Surxon ipagi” MCHJ mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qanday hissa qo‘shmoqda?  

– Korxona tomonidan davlatimiz rahbarining mamlakatimiz hududlarida turizmni rivojlantirishga doir farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida modernizatsiyalash jarayonida “Muzey-fabrika” usulida qurilish ishlari olib borildi.  

Bunda ishlab chiqarish jarayonlari tashqi muhitdan to‘liq namoyon bo‘lib turadi. Bu esa turistlarni jalb qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish va ularni namoyon qilish uchun maxsus “Shouroom” va ipakli matolardan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘linmasi ishlab turibdi. Shu sababli korxona Surxondaryo viloyatining turizm marshrutlariga kiritilgan.  

Kelajakda korxona tomonidan turistlarni jalb etishni yanada ko‘paytirish yo‘lida bir qator ishlar qilinmoqda. Jumladan, Termiz shahrida kasanachilik va milliy uslubda ipak matolaridan, mahalliy xomashyolardan turli hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarishni o‘z ichiga qamrab olgan “Hunarmandchilik markazi” ishga tushirilishi rejalashtirilgan.  

Olib borilgan modernizatsiya tadbirlari natijasida korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ham miqdori, ham sifati yaxshilanib, raqobatdoshlik darajasi ortib borayotgani kuzatilmoqda.  

– Korxonaning eksport imkoniyatlari qay darajada?  

– Korxona mahsulotlariga Osiyo va Yevropa qit’asining bir qancha davlatlaridan xaridorlar bo‘layotganligini ta’kidlash lozim. 2017 yilda korxona tomonidan 2 mln. 139,6 ming AQSH dollari, 2018 yilda 2 mln. 873,3 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar xorijga eksport qilingan. 2019 yilda 2 mln. 958,7 ming AQSH dollari, 2023 yilda 5 mln. AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.  

Korxona mahsulotlari eksport geografiyasi ham kengayib bormoqda. Korxona mahsulotlari bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Tojikiston, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA