Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida O‘zbekiston Respublikasi San’at arbobi, professor, rassom Ortiqali Qozoqovning “Ipak yo‘llarida mo‘yqalam bilan” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomning 50 dan ortiq eng sara rangtasvir ishlari namoyish qilinmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, “Ipak yo‘llarida mo‘yqalam bilan” nomli shaxsiy ko‘rgazmasida rassom keyingi yillarda Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlab ishlangan bir qator asarlarini namoyish qilmoqda. Milliy an’ana va qadriyatlar yorqin ranglarda tarannum etilgan bu asarlarning yaratilishiga Ipak yo‘llari bo‘ylab sayohatlari turtki bo‘lgan. Ipak yo‘llari boshlangan Xitoyning Yanchjou shahridan Misrgacha, Yevropa mamlakatlari bo‘ylab qilgan ijodiy safarlar chog‘ida ishlangan xomaki rasmlar asos qilib olingan.


Jumladan, uning "Shodlik karvonlari", "Maftunkor lahzalar", "Ipak yo‘llarida o‘tmish va bugun", "Karvon yo‘llari", "Ipak yo‘llari, kecha va bugun", "Ipak yo‘llarida bunyodkorlik", "Ipak yo‘llari o‘ziga chorlar" kabi asarlari tomoshabinni o‘ziga jalb etishi tabiiy.

Ko‘rgazmada TURKSOY tomonidan nashr etilgan turkiy xalqlar madaniyati va qadriyatlari aks ettirilgan Abay, Chingiz Aytmatov, O‘ljas Sulaymonov, Qo‘rqut otaga bag‘ishlangan albomlar, Xitoyda an’anaviy xalqaro festivaldagi muvaffaqiyatlar hamda ko‘rgazma haqidagi albomlar qo‘yilgan.

Ko‘rgazma doirasida rassomning turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Xalq maorifi a’lochisi”, shoira Guli Nigorning oxirgi yillarda nashr etilgan "Qalbim tubidagi gavharim”, "Yomg‘irning ovozi" hamda "Kuzgi yaproqlar simfoniyasi" kabi she’riy kitoblarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma joriy yilning 2 noyabrigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA