Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ilk bitiruvchilari diplom oldi
23:00 / 2023-07-04

Samarqand xalqaro turizm markazida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etilganligining besh yilligi hamda bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur universitet 2018 yilda Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tashabbus asosida tashkil etilgan.

Bugun oliygohning 300 nafar ilk bitiruvchisi katta hayotga qadam qo‘ymoqda.  

Tadbirning ochilish marosimida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov  universitetda amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib, bitiruvchilarni tabrikladi va ularning keyingi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.  

- Bitiruvchilarimizga o‘tgan to‘rt yil mobaynida AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Eron, Avstraliya kabi ta’limi rivojlangan davlatlardan kelgan malakali professor- o‘qituvchilar ingliz tilida ta’lim berdi, - dedi A.Abduhakimov. - Endilikda har tomonlama bilimli va zukko bitiruvchilarimiz yangi O‘zbekistonning turizm salohiyatini yuksaltirishda nafaqat Samarqandda, balki mamlakatimizda ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz.

2021-2022 o‘quv yilida universitetga 8 nafar xorijlik talaba qabul qilingan bo‘lsa, 2022-2023 o‘quv yilida 48 nafar xorijlik talaba o‘qishga qabul qilindi. Yangi o‘quv yilida ularning soni yanada oshishi kutilmoqda.  

O‘zbekiston hukumati tomonidan "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetining magistratura yo‘nalishida tahsil olish uchun xorijlik talabalarga har yili 85 ta kvota ajratilmoqda.

- To‘rt yil davomida  xorijlik professor-o‘qituvchilardan tahsil oldik, - deydi universitet bitiruvchisi Shohruh Sultonov. - O‘qish davomida ustozlarimiz boshchiligida xorij davlatlarida va xalqaro tashkilotlarda malaka oshirib, yutuqlarga erishdik, ishli bo‘ldik. Jumladan, o‘zim ikki marta "Yilning eng bilimli talabasi" va "Yilning eng kuchli mutaxassis talabasi" tanlovida g‘olib bo‘ldim. Hozirda Samarqand shahrida ochilgan Oksford xalqaro maktabida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlayapman.

Tadbir so‘ngida talabalarga diplom va universitet bilan hamkorlikda ishlagan tashkilotlar, professor- o‘qituvchilar va xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA