Poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur hamda Xitoyning Guanchjou shahar tashqi savdoni rag‘batlantirish qo‘mitasi rahbari Chen Simin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilgan. Mazkur tashrif ham ikki davlat hamkorligida 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li ohanglari” nomli xalqaro ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rish doirasida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv istiqbollari, qo‘shma badiiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bo‘lajak ko‘rgazmani tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi va fikr almashildi.

Uchrashuv so‘ngida Guanchjou shahri delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda ishtirok etgan taniqli haykaltarosh Syuy Xunfey O‘zbekiston madaniy merosi namunalaridan ilhomlanganini ta’kidlab, yangi haykal yaratish g‘oyasi bilan o‘rtoqlashdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA