Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ipak yo‘li” ko‘rgazmasida O‘zbekiston ham ishtirok etyapti
14:29 / 2022-08-18

Sian shahrida boshlangan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida besh yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ipak yo‘li” Oltinchi xalqaro ko‘rgazmasi Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi¸ tashqi ishlar va savdo vazirliklari, Shensi provinsiyasi ma’muriyati, Xitoy xalqaro savdoni rag‘batlantirish kengashi tomonidan tashkil etilgan.

Dunyoning 50 dan ziyod davlati ishtirok etayotgan bu yilgi tadbirda O‘zbekiston ham “asosiy hamkor” va “faxriy mehmon davlat” maqomida qatnashyapti. Mamlakatimizga 630 kvadrat/metr keng maydon ajratilgan.

O‘zbekiston nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev videoma’ruza orqali respublikamizning bugungi taraqqiyoti, investitsiya va eksport salohiyati, O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy aloqalariga atroflicha to‘xtaldi.

O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev ikki davlat hamkorligining bugungi rivojlanish jarayoniga to‘xtalarkan, savdo-iqtisodiy aloqa, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik singari masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning turizm va eksport salohiyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

Xitoyning yuqori martabali rasmiylari O‘zbekiston pavilonida namoyishga qo‘yilgan to‘qimachilik, ipak, charm-sanoat, shirinlik-qandolat, hunarmandlik va kabel mahsulotlari, shuningdek, ma’danli suv, tabiiy asal, dorivor o‘simliklar, quritilgan meva va boshqa tovarlar namunasi bilan tanishdi.

- O‘zbekiston anjumanda ilk bor asosiy hamkor sifatida ishtirok etayotgani quvonarli, - deydi Shensi xalqaro savdoni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinborasi Chjen Dunpin. - Ko‘rgazma orqali ishtirokchilar mamlakatingizning eksport salohiyati xususida atroflicha, shuningdek har bir mahsulot haqida alohida tasavvurga ega bo‘ldi. Bu holat O‘zbekistonga nisbatan qiziqishni yanada orttiradi. Ishonamanki, kelajakda savdo-iqtisodiyot, madaniyat, turizm kabi yo‘nalishlardagi munosabatimiz izchil rivojlanib boradi.

Shu o‘rinda SHHT namunaviy zonasi ma’muriyati direktori o‘rinbosari Sian Chjetsyan fikrini ham keltirish joiz:

- “Ipak yo‘li” Oltinchi xalqaro ko‘rgazmasining eng katta paviloni O‘zbekistonga tegishli. Aytish joiz, mamlakatingizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifati va zamonaviyligi bilan ajralib turibdi. Juda xaridorgir hisoblangan bunday tovarlarga yildan yilga talab ortmoqda. Demak, kelgusida ham mamlakatingizdan ko‘plab turli mahsulotlar Xitoyga eksport qilinadi. 

Umuman, ishlab chiqaruvchilarimizning xorijiy yarmarkalarda qatnashishi O‘zbekiston bozorini yanada kengaytirishga xizmat qilishi tayin.

“Suyfenxe Dinxon” savdo kompaniyasi direktori Min Sin ta’kidlashicha, uning jamoasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlarining Xitoyga importini yo‘lga qo‘ygan. Kompaniya mazkur ko‘rgazmada aynan O‘zbekistondan olib ketilgan mahsulotlari bilan qatnashyapti. Shirinliklarimiz yuqori sifati bilan Xitoy bozorida ham iste’molchilar ishonchini qozondi. Yaqin kelajakda yurtimiz qandolatpazlariga buyurtma miqdori uch barobar oshishi kutilyapti.

O‘zA