French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ipak yo‘li durdonasi: ellarni va dillarni birlashtirgan festival
19:29 / 2021-10-04

Tarixda “Toshkent kinofestivali” nomini olgan yirik san’at anjumani ko‘plab jahon kinosi vakillari va muxlislari yodida qolgan bo‘lsa ajab emas.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent kinofestivali ilk bor 1968 yilda “Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar do‘stligi uchun” shiori ostida o‘tkazilgan edi. O‘sha yili dunyoning 22 mamlakatidan taniqli kinoprodyuserlar, rejisssyorlar va kino yulduzlari ishtirok etgan, 50 ga yaqin kartinalar namoyish qilingan. Ushbu kinofestival 1988 yilga qadar muntazam ravishda o‘tkazib kelingan, sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, mazkur tadbir mamlakatimizda faqat 1992 va 1997 yillarda o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston kinematografiyasini rivojlantirish, o‘zbek kinosining tarixiy shuhratini qayta tiklash maqsadida bir qator qaror va farmonlar qabul qilindi. “O‘zbekkino” milliy agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tashkil etildi. “O‘zbekfilm” davlat konsernining zamonaviy binosi va pavilonlari foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi qaroriga muvofiq, 1968-1997 yillar davomida O‘zbekistonda o‘tkazilib kelingan «Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali» «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tiklandi, ushbu san’at anjumanini har yili sentyabr-oktyabr oylarida Toshkent shahrida o‘tkazish belgilandi.

“Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida, o‘n uchinchi marotaba o‘tkazilgan ushbu kinofestival avvalo, kino san’ati orqali dunyo mamlakatlari o‘rtasida madaniy muloqotni yanada mustahkamlash, jahon kinoustalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish, insonparvarlik va bag‘rikenglik, xalqlar do‘stligini targ‘ib qiluvchi, madaniy xilma-xilligini aks ettiruvchi eng sara jahon kinosi durdonalarini jalb qilish, ushbu san’at turi orqali xalqimizning boy tarixi va betakror madaniyatini dunyoga keng targ‘ib etishni ko‘zda tutadi.

Kinofestval munosabati bilan 6-29 sentyabr kunlari Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Xalq yuragi” turkumidagi 24 nafar buyuk shoir va adiblarimiz hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi hujjatli filmlar namoyish qilindi.

27 sentyabr kuni “O‘zbekfilm” kinokonsernida Toshkent xalqaro kinofestivali munosabati bilan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda yuzdan ortiq jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Anjumanda kinofestvalning maqsad va vazifalari, undan o‘rin olgan tadbirlar, taqdimotlar, namoyishlar xususida jurnalistlarga ma’lumotlar berildi.

Kinfestival qatnashchilari va faxriy mehmonlari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Ularning kinofestivaldagi ishtiroki yuzasidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.

Uzoq kutilgan tadbir – “Ipak yo‘li durdonasi” xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi “Panorama” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Kinochilar uyi” binosida bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar va mehmonlar bu yerda yaqinda ochilgan Kino tarixi muzeyi bilan ham tanishdi. Bu yerda o‘zbek kinematografiyasining 100 yildan ziyod tarixi haqida hikoya qiluvchi nodir eksponatlar, fotosuratlar, kinotasmalar, liboslar, qo‘lyozmalar, mashhur filmlar afishalari o‘rin olgan. Afishalarning aksariyati kinofestival arafasida Rossiyadan, shuningdek, mamlakatimizning turli muassasalari arxivlaridan keltirildi. Ta’kidlash joizki, kapital rekonstruksiya binoning modernizm davriga oid me’moriy ko‘rinishiga ta’sir qilmagan. Kinoteatrning fasadining ko‘rinishi saqlab qolingan.

Ochilish marosimida jahon va milliy kinoning mashhur yulduzlari: 355 xorijlik kinoijodkor va dunyoning 55 taniqli kino yulduzlari ishtirok etdi. Ochilish marosimiga Ozarbayjon, Belarus, Misr, Isroil, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va o‘zbekistonlik mashhur kinoijodkorlar ham tashrif buyurdi. Ochilish marosimida turli mamlakatlar delegatsiyalari vakillari, kino va estrada yulduzlari an’anaviy qizil yo‘lakdan o‘tishdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respulikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigini Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Renspublikasi Kinematografiya agntligi bosh direktori F.Abduxoliqov, rossiyalik kinoprodyusser va rejissyor T.Bekmambetov, amerikalik mashhur multiplikator va rejissyor Rob Minkoff va boshqalar kinofestivalning ahamiyati, yurtimizda kinematografiyani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, bugungi jahon kinosi oldida turgan masalalar xususida qisqacha so‘z yuritdi. 

Bir qator davlatlar delegatsiyalari vakillari tomonidan festivalning rasmiy bayrog‘i ko‘tarildi. Shundan so‘ng o‘zbek va jahon kinosida kuylangan qo‘shiqlar asosida tuzilgan musiqiy kompozitsiya tomoshabinlar hukmiga havola qilindi. Tadbirda xorij musiqasining atoqli vakillari – Rossiya xalq artisti Filipp Kirkorov, turk musiqasining mashhur yulduzlaridan biri Serdar Ortach, tojikistonik xonanda Xo‘jastai Mirzovali va boshqalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

29 sentyabrdan kinofestivalning ikki muhim tanlovi “Yangi avlod kinosi” hamda “Kino besh kunda” loyihalari ish boshladi.

“Yangi avlod kinosi” tanlovida turli davlatlardan kelgan kinoijodkorlar so‘nggi yillarda yaratilgan qisqa metrajli filmlari bilan ishtirok etdi.

“Kino besh kunda” tanlovi shartiga ko‘ra, dunyoning 25 ta mamlakatidan kelgan kinorejissyorlar 5 kun davomida insoniy qadriyatlar, ekologiya va salomatlik, hamjihatlik, milliy va global qarashlar aks etgan qisqa metrajli filmlarni suratga olib, tanlov hay’atiga topshirishi kerak.

Loyiha ishtirokchilari 22 sentyabrdan boshlab mamlakatimizning turli hududlari bo‘ylab o‘z ssenariylari asosida film suratga olishni boshladi. 27 sentyabr kuni suratga olish ishlari yakunlandi. Filmlar bo‘yicha “Yoshlik” studiyasida montaj va ovozlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yoshlarning ijodiy ishlarini mamlakatimiz va turli xorijiy mamlakatlarning kino arboblaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari baholab borishdi.

“Yangi avlod kinosi” va “Kino 5 kunda” loyihalari asosida taqdim etilgan filmlar kinofestival pavilonlarida namoyish qilindi.

“Jahon kinosi kunlari” ham katta tantanalar bilan boshlandi. Har bir mamlakat kinosi kunlarining ochilishi katta bayramga aylanib ketdi. Poytaxtimizning turli madaniyat muassasalari – “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi, Respublika Kinochilar uyi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri, Respublika qo‘g‘irchoq teatri, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, Yoshlar teatri singari madaniyat va san’at maskanlarida kinofestival ishtirokchilari, milliy va xorijiy kino yulduzlari, muxlis va mutaxassislar ishtirok etdi.

Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida 14 mamlakat – Ozarbayjon, Belarus, Misr, Isroil, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazildi.

Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida 14 mamlakat – Ozarbayjon, Belarus, Misr, Isroil, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazildi.

Ishtirokchi davlatlar rejissyorlari va aktyorlari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi. Taniqli xorijiy kino ustalari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Har bir mamlakat delegatsiyasi uchun alohida lokatsiyalar – kinoteatr yoki teatrlar ajratildi.

29 sentyabr kuni “O‘zbekfilm” kinokonserni taqdimotida Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, kinofestival ishtirokchilari taklf etildi. Unda kompaniyaning yetakchi vakillari, mutaxassislar, festival qatnashchilari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov, Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi mas’ul xodimi Xenning Bronnum va boshqalar bu yangi texnika va texnologiyalarning kinematografiya rivojidagi ahamiyati, bu borada xorijiy korxonalar bilan hamkorlik istiqbollari, yangi asbob-uskunalardan foydalanish masalalari xususida so‘z yuritdi.

Ma’lumki, yurtimizda kinematografiya sohasi uchun yuqori malakali ijodiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2018 yil 19 oktyabrda O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida «O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risida» bitim imzolangan edi.

2021 yil 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tошкент shahrida «S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Aytish joizki, bu qarorning imzolanishi mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi va kinematografiya rivojida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Mazkur filialda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab dramaturgiya va prodyuserlik yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarga saboq berish boshlanadi.

Kinofestival dasturidan o‘rin olgan “Markaziy Osiyo mamlakatlari kinosi kunlari” hamda shu munosabat bilan o‘tkazilgan kinokonferensiya mintaqaviy madaniy hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ldi. Mamlakatimizning turli hududlarida yangi kinoteatrlar ochilishi, yangi filmlar, nashrlar, loyihalar taqdimoti ham kinofestivalga alohida ruh, yorqinlik baxsh etdi.

Shuningdek, kinofestival doirasida Qozog‘iston, Qmrg‘iziston, Tojikiston kino tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi. Hamkorlik bo‘yicha qator memorandumlar imzolandi. Tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman kinoijodkorlari tomonidan so‘nggi yillarda yaratilgan badiiy, hujjatli va animatsion filmlar yurtimiz ekranlarida namoyish qilindi.

Kinematografiya tarixida hujjatli kino muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi qoshida Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kinofestival doirasida turli mamlakatlarning hujjatli kino ustalari ishtirokida “Hujjatli kino kunlari” ham o‘tkazildi. Ular ishtirokida davra suhbatlari, mahorat darslari, turli mamlakatlarda yaratilgan 20 dan ortiq hujjatli filmlar namoyish qilindi.

Kinematografiyaning eng muhim masalalaridan yana biri yaratilgan kinoasarlarni saqlash va keyingi avlodlarga bekamu kust yetkazishdir. Ayni paytga qadar O‘zbekiston Milliy kino fondi o‘z binosiga ega emasdi. “O‘zbekkino” Milliy agentligida yetarlicha sharoitlar bo‘lmagani uchun juda ko‘p tarixiy tasmalar O‘zbekiston milliy arxiviga topshirilgan edi. Mazkur san’at anjumani doirasida O‘zbekiston kino fondi ham o‘zining alohida binosiga ega bo‘ldi. Binoning ochilish marosimida ko‘pgina mahalliy va xorijiy kinoijodkorlar ishtirok etdi.

Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan taniqli kino arboblari, kinorejissyor va operatorlar, aktyorlar va kinotanqidchilar festival kunlari Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi.

“Toshkentga ilk bor film ishlash uchun kelganman. Bir oy davomida bu yerda yashaganmiz, ammo mamlakat bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘lmagan, – deydi hindistonlik kinoaktyor va prodyuser Mitxun Chakraborti. – Toshkentga kelib, hayratimni bekita olmadim. Aeroportning o‘zidayoq ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib, xuddiki o‘zimni Yevropaga kelib qolgandek his qildim. Albatta juda ham chiroyli, mehrli xalqingiz ham o‘zgarishlarga ko‘rk beryapti. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida azaldan juda yaqin do‘stona aloqalar bo‘lgan va bugun ham bu aloqalar nafaqat kino va seriallar, balki barcha sohalarda davom etib kelyapti. Bular meni faqat quvontiradi”.

“Men dunyo kinematografistlari qatori mashhur va afsonaviy kinofestival qayta tiklangani uchun O‘zbekiston rahbariyatidan juda minnatdorman, – deydi amerikalik kinorejissyor Stiven Sigal. – Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan taniqli kino namoyandalari ishtirokidagi mazkur kinofestival juda katta miqyosli voqeaga aylanishiga ishonaman. Yangi O‘zbekistondagi Toshkent xalqaro kinofestivali do‘stona va ijodiy muloqotlarga boy bo‘ladigan maydon sifatida o‘zining avvalgi shuhratini yana qayta tiklaydi. Biz birgalikda unutilmas voqealarni guvohi bo‘lib, juda mazmunli kunlarni boshimizdan kechiramiz, degan umiddaman.”

Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida mushtarak jihatlar juda ko‘p, – deydi turkiyalik hujjatli kino ustasi Huseyn O‘zden. – Men Onado‘lida, Turkiyada nimani ko‘rgan bo‘lsam, O‘zbekistonda ham shuni topa olaman. Tilimiz, urf-odatlarimiz, e’tiqodimiz bir. O‘zbekistondagi bu galgi tashrifim asnosida juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Birgina Toshkent xalqaro kinofestivalining qayta tiklanishi ham Yangi O‘zbekistonning yutuqlaridan biri deb bemalol aytishi mumkin.”

Kinofestival doirasida Rob Minkoff, Timur Bikmambetov, Jerar Deparde, Stiven Sigal, Lyuk Besson singari o‘nlab kino ustalari “O‘zbekfilm” pavilonlarida yosh o‘zbek kinoijodkorlari uchun mahorat darslari o‘tishdi. Yoshlar kino sohasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Xorijlik mashhur kino yulduzlari o‘z faoliyati bilan bog‘liq eng qiziqarli voqealarni, hayotiy tajribalarini so‘zlab berishdi.

Festivalning tantanali yopilishi marosimi 3 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Renessans Hall” majmuasida bo‘lib o‘tdi. Marosimda kinofestival doirasida bir hafta davomida o‘tkazilgan tadbirlar aks etgan film tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.

Shundan so‘ng festivalning nufuzli mehmonlari, hakamlar hay’ati a’zolari chiqib kelishdi. Rossiyalik mashhur kinoprodyuser, xalqaro hakamlar hay’ati a’zosi Timur Bekmambetov kinofestival ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo‘llagan murojaatnomasini o‘qib eshittirdi.

Murojaatnomada jumladan shunday deyiladi: Salkam chorak asrlik tanaffusdan so‘ng Sizning tashabbusingiz bilan qayta tiklangan “Ipak yo‘li durdonasi” o‘n uchinchi Toshkent xalqaro kinofestivali dunyoning ellikka yaqin mamlakatidan kelgan kinoijodkorlarni birlashtirdi.

Bir hafta davomida jahon kinosining so‘nggi yillarda yaratilgan sara namunalari O‘zbekiston ekranlarida namoyish etildi, dunyo kinematografiyasida kechayotgan o‘zgarishlar xususida fikr almashildi, mahorat darslari tashkil etildi. Festival pandemiya bois bir-birini uzoq vaqt ko‘rmagan, sog‘ingan insonlarga diydor baxsh etdi.

Bu yirik kinofestival Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivalining barcha yaxshi an’analarini o‘zida aks ettirgani, xalqaro talablar va andozalar asosida, yuksak darajada o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etishimiz lozim.

Butun dunyoda yuz berayotgan murakkab jarayonlarga qaramay, ushbu kinofestival “Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida o‘tkazilgani ham ramziy ma’noga ega. Bu shior Yangi O‘zbekistonning – kelajakka intilayotgan mamlakatning yangi qiyofasiga to‘la mos keladi”.

Shundan so‘ng kinofestival ishtirokchilari va g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi.

“Kino besh kunda” tanlovi bo‘yicha germaniyalik yon kinoijodkorlar suratga olgan “Qirg‘oq” badiiy filmi “Ekologik muammolarning yorqin ifodasi uchun” nominatsiyasi g‘olibi, deb topildi. Estoniyalik rejisssyor Nadiya Tushka “Oilaviy qadriyatlar ifodasi uchun” mukofotlandi. “Ma’rifat va taraqqiyot” nominatsiyasida ozarboyjon rejissyor Murod Husainov taqdirlandi.

Janubiy koreyalik rejissyor Pak Su Min “Takror xotiralar” filmi uchun “Festival kashfiyoti” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Hay’at a’zolarining maxsus sovrini o‘zbekistonlik Saida’lo Ma’sudxonovning “Ob’ektiv” filmi uchun berildi. “Eng yaxshi erkak roli” uchun yana bir hamyurtimiz Tursunboy Pirjonov, “Eng yaxshi ayol roli” uchun o‘zbekistonlik Madina Mahmudova taqdirlandi. Gran-pri “Ipak yo‘lida” filmi uchun hamyurtimiz, yosh rejisssyor Sherzod Nazarovga nasib etdi.

“Yangi avlod kinosi” tanlovida esa “Eng yaxshi erkak roli” uchun tojikistonlik Abdukarim Mashrab, “Eng yaxshi ayol roli uchun” “Franka” filmi bosh rol ijrochisi Mariya Poddubna g‘oliblikka loyiq ko‘rildi. Mazkur film rejissyori Dmitriy Semyonov “Eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun” mukofotini qo‘lga kiritdi. Tojikistonlik Manzarali Sherali suratga olgan “Yuk” badiiy filmi tanlovning eng yaxshi filmi deb topildi.

Mukofotlarni fransiyalik aktyor Jerar Deparde, mashhur kinorejissyorlar Lyuk Besson, Timur Bekmambetov, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri Aqtoti Rayimqulova va boshqalar tantanali ravishda topshirdi. Shundan so‘ng delegatsiyalar vakillari tomonidan kinofestival bayrog‘i tushirildi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng konsert dasturi namoyish etildi. O‘zbekistonlik san’at ustalaridan Jenisbek Piyazov, Ozoda Nursaidova, Ravshan Namozov, Jahongir Poziljonov, jahon estradasi vakillaridan Aleksandr Revva, “Boney M.” guruhi a’zolari va boshqa jamoalar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar barcha kino va san’at muxlislariga manzur bo‘ldi.

Rustam Jabborov,

O‘zbekiston Respublikasi

Kinematografiya agentligi

Badiiy kengashi a’zosi