Jizzaxdagi zamonaviy “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi hududida o‘tkazilgan “Ipak yo‘lining madaniy-iqtisodiy forumi” bugungi kun dunyosida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikning yorqin ifodasi bo‘ldi. Ushbu nufuzli tadbir Xitoyning “Shaanxi Broadcasting Corporation” mediaguruhi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Ipak yo‘li bo‘ylab ming li – 2025” transmilliy medialoyihasi doirasida o‘tkazildi.
Forum — shunchaki diplomatik uchrashuv emas. U tarix va kelajak, an’ana va innovatsiya, mintaqaviy hamkorlik va global media maydonidagi yangi qarashlar kesishgan nuqtada tug‘ilgan muhim muloqot maydonidir. Ishtirokchilar qutlov nutqlarini tinglash, “Yo‘lnomalar” muhrlash marosimida qatnashish va “Ipak yo‘li sovg‘alari” almashinuvida ishtirok etish bilan birga, san’at orqali millatlar qalbini bog‘lagan chiqishlarga ham guvoh bo‘lishdi.
Xususan, Xitoydan kelgan raqqosalar jamoasining milliy raqslari forum muhitiga nafaqat badiiy, balki ruhiy zavq ham ulashdi. Tadbir davomida Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilarining xalqaro bozorga chiqish strategiyasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi — bu esa O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi texnologiya sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqqaniga ishoradir.
[gallery-24784]
“Ipak yo‘li bo‘ylab ming li” medialoyihasi 2014 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. U Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlarni axborot va madaniyat orqali yanada yaqinlashtirishni maqsad qilgan. Jurnalistlar 10 yil mobaynida 53 mamlakat, 200 dan ortiq shaharni bosib o‘tib, bir million kilometrga yaqin yo‘lni zabt etdilar. Loyiha chegara ortidan reportaj tayyorlash va axborot tarqatish ko‘lami bo‘yicha jahon media maydonida bir necha bor rekordlar o‘rnatdi.
2025 yilda ushbu media sayyohat Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar orqali amalga oshirilmoqda. 16 iyul kuni Sian shahridan boshlangan avtoekspeditsiya Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston orqali o‘tmoqda. Bu yo‘l — nafaqat tarixiy iz, balki madaniy muloqot, iqtisodiy yaqinlashuv va tinchlikka xizmat qiluvchi strategik yo‘l hamdir.
O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari bugun nafaqat rasmiy kelishuvlar, balki bevosita xalqlar o‘rtasidagi do‘stona muloqot, texnologiya va madaniyat sohalaridagi keng ko‘lamli hamkorlik bilan ham mustahkamlanmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari