Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ipak qurti parvarishi qizg‘in pallaga kirdi
12:20 / 2024-05-15

Joriy yilda Oltinko‘l tumani pillakorlari tomonidan 222 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda bu boradagi ishlar qizg‘in pallaga kirgan.

Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri, qolaversa, yengil sanoatning muhim xomashyosi hisoblanadi. Shu bois ham yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga  alohida e’tibor qaratiladi.  

Ipak qurti boqish, pillachilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan Oltinko‘l tumanida joriy yilda 3 ming 764 quti ipak qurti parvarishlanib, 222 tonna pilla xomashyosi yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Mavsum boshida tumanda faoliyat olib borayotgan “Guantun” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston–Xitoy urug‘chilik korxonasi mutaxassislari tomonidan mavjud inkubatoriyalarda sifatli urug‘ tayyorlanib, tumandagi kasanachi hamda fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.  

–Pillakorning bir oylik mehnati yilga tatiydi, – deydi Oltinko‘l tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Guldona Yo‘lchiyeva. –  Ipak qurti parvarishi o‘ta nozik ish. Xona haroratini bir xilda ushlab turishi, qurtlarga o‘z vaqtida ozuqa berish, bularning bari aytishga oson, xolos. Erta tong tutzorga borib barg kesib kelish, yarim tun demasdan qurtlarga barg solish o‘ziga yarasha mehnat, mashaqqatni talab etadi. Tumanda pillachilik sohasida ish olib borayotgan opa-singillarimizning aksariyati o‘z ishining haqiqiy mirishkorlaridir.

Ipak qurti parvarishi borasidagi ishlar, ayniqsa, tumandagi “Namuna”, “Andijon”, “Oqtepa”, “Turkiston, “Ijtimoiyat” massivlarida namunali olib borilmoqda, barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, tuman pillakorlari mo‘l pilla hosili yetishtirish uchun astoydil mehnat qilmoqda.  

 

F.  Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari