Iordaniyada poyoniga yetib borayotgan qit’a chempionatining final bahslari nafaqat Osiyo, balki jahon boks ixlosmandlarining diqqat markazida turibdi.
Bugun, 12 noyabr kuni chempionatning erkaklar o‘rtasidagi barcha vaznlarida chempionlar nomi ma’lum bo‘ladi.
Xabar berganimizdek, 7 nafar bokschimiz - Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Saidjamshid Jafarov, Lazizbek Mullajonov, Ruslan Abdullayev, Odiljon Aslonov va Madiyor Saidrahimov bugungi final janglarida vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
Ortda qolgan bahslar natijasida Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lidagi shiddatli yurishini boshlaganligini Iordaniya musobaqalarida yanada yorqinroq namoyish qildi. U final jangida qozog‘istonlik, Tokio Olimpiadasi sovrindori, 2021 yilgi jahon chempioni Saken Bobosinovni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va Osiyo chempioni maqomiga ko‘tarildi.

Shuningdek, Abdumalik Xalakov Hasanboyning natijasini takrorladi. U ham qozog‘istonliklarni oltin medalsiz qoldirdi. Murosasiz bahsda Serik Temirjanovani 4:1 ko‘rinishida yengdi. Iste’dodli bokschimiz Ruslan Abdullayev Amman janglarida 2021 yili O‘zbekistonning eng yaxshi bokschisi nomiga bekorga sazovor bo‘lmaganligini isbotladi. Ruslan finalda hindistonlik Shiva Tapani 2-raundda texnik mag‘lubiyatga uchratdi.
Afsonaviy bokschimiz Rufat Risqiyev jang olib borgan 75 kiloda O‘zbek boks qudratini namoyish qilib kelayotgan Saidjamshid Jafarov Qozog‘iston boks maktabining umidli vakili Nurkanat Raisni kumush medal bilan kifoyalantirdi. 80 kilogrammda Odiljon Aslonov va iordaniyalik Huseyn Iashish jangida hakamlar qarori bilan g‘oliblik mezbon bokschiga tortiq etildi.
Osiyo chempionatining biz uchun muhim bo‘lgan yana ikkita final bahslari ayni daqiqalarda davom etmoqda. 92 kiloda Madiyor Saidrahimov qozog‘istonlik Oybek Oralbay bilan hamda +92 kilogrammda harakatlanayotgan Lazizbek Mullajonov Tokio olimpiadasi finalida Bahodir Jalolovdan mag‘lub bo‘lgan Kamshibek Konkabayev bilan ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha ayollar o‘rtasida o‘tgan janglarda hamyurtlarimiz kumush va bronza medallariga musharraf bo‘ldi. 66 kilogramm vaznda Navbahor Hamidova Janubiy Koreya bokschisi Choi Xongeunni yengib, chempionlikni tantana qilgan bo‘lsa, 75 kilodagi vakilamiz Sohiba Ro‘zmetova hindistonlik Lovlina Borgoxainga hakamlar qarori bilan imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Aytish lozimki, qit’a chempionatining final janglarida yosh bokschilarimizdan Shahzod Muzaffarov, Athamjon Muhiddinov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.