Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iordaniyada boks bo‘yicha Osiyo chempionati boshlanmoqda
15:51 / 2022-10-31

Bugun, 31 oktyabr kuni Iordaniya poytaxti Amman shahrida boks bo‘yicha boshlanayotgan XXXII Osiyo chempionatiga qur’a tashlash marosimi, texnik komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur nufuzli musobaqada To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi 13 nafar O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi hamda Elshod Rasulov murabbiyligidagi 10 nafar bokschi qizlarimiz yurtimiz sharafini himoya qilishga hozirlanmoqda.

Chempionat nizomiga muvofiq Amman ringlaridagi murosasiz bahslarda birinchi o‘rinni egallagan bokschilar 1200 ochko, kumush va bronza medal sohiblari 900 va 700 ochko jamg‘arishadi.

Shuningdek, 5-o‘rin egalari 400, 7-o‘rin 300, 1/16 final qatnashchilari 150, 1/32 raund ishtirokchilari 50 ochkoni qo‘lga kiritishadi.

Qit’aning 40 ga yaqin davlat terma jamoalari qatnashadigan bahslarda hamyurtlarimizdan — Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Hasanboy Do‘smatov, harbiylar o‘rtasida Jahon chempioni Lazizbek Mullajonov, yoshlar Olimpiadasi sovrindori Abdumalik Xalakov, Jahon chempionati sovrindori Madiyor Saidrahimov qatori Ruslan Abdullayev, Asilbek Jalilov, Shahzod Muzaffarov, Adhamjon Muhiddinov, Havasbek Asadullayev, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kabi iqtidorli yoshlarimiz medallar uchun kurash olib boradi.

Kecha har ikkala terma jamoa a’zolari musobaqalar oldidan so‘nggi mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishdi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sportchilarimizning salomatligi, ularning ruhiy muvozanati talab darajasida.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tgan qit’a chempionatida bokschi yigitlarimiz 6 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medaliga ega chiqqan holda umum jamoada 1-o‘rinni egallagandi. Chempionat 13 noyabrga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA