Iordaniya Qiroli Abdulloh II Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish uchun ikki davlat tamoyili amalga oshirilishi zarurligini e’lon qildi.
Mahalliy "Petra" axborot agentligi xabariga ko‘ra, Abdulloh II BBC muxbiriga bergan intervyusida mintaqa allaqachon ko‘plab muvaffaqiyatsiz tinchlik tashabbuslariga guvoh bo‘lganini ta’kidlab, tinchlikka erishishning yagona yo‘li ikki davlat yechimi ekaniga to‘xtaldi:
– Ikki davlat yechimi amalga oshmasa, mintaqa halokatga yuz tutadi. Agar ushbu muammoga yechim topmasak, isroilliklar va falastinliklar kelajagini ta’minlamasak, Isroil bilan arab va islom dunyosi o‘rtasida aloqa o‘rnatmasak, halokatga duchor bo‘lamiz. Masalani hal qilsak, hammasi me’yoriy holatga qaytadi.
Davlat rahbari Isroil bir necha bor ikki davlat yechimiga qarshi chiqqani, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasidagi so‘nggi bayonotida ayni pozitsiyani yana bir bor tasdiqlaganini eslatdi.
So‘nggi ikki yil ichida mintaqada zo‘ravonlik avj olgani, shuningdek Isroil va Eron mojarosi, Qatarda HAMAS yetakchilariga qilingan hujum haqida gapirarkan, Abdulloh II ritorik tarzda so‘radi: Butun dunyoni qamrab oladigan mintaqaviy mojaroga hozir qanchalik yaqinmiz?
U Qatar va Misr G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha HAMAS o‘z majburiyatini bajarishi uchun kafolat berganini aytib, AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi o‘rnatilishidan keyingi jarayonda ham ishtirok etishi muhimligiga urg‘u berdi:
– Tramp haqiqatan nafaqat sektor, balki butun mintaqada tinchlikka intiladi, ammo bu tinchlikka falastinliklar kelajagisiz erishish mumkin emas.
Abdulloh II Falastin davlatini tuzish imkoniyati haqidagi savolga "bu bo‘lishi kerak", deya javob berdi.
M.Pirmatova, O‘zA