Dunyoda bir-biridan olisda, lekin qaysidir jihatlari bilan o‘xshab ketadigan davlatlar ko‘p. O‘zbekiston va Iordaniyaning ko‘p yillik boy tarixga egaligi ana shu o‘xshashlikka misol bo‘la oladi.
Iordaniyada qadimiy madaniy yodgorliklar, ko‘hna shaharlar bor. O‘zbekiston ham qadimiy Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon kabi tarixiy markazlari bilan mashhur.
Bugun esa Iordaniya Yaqin Sharqda, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda muhim siyosiy va iqtisodiy markaz hisoblanadi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn ayni paytda davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Shu o‘rinda ushbu mamlakat haqidagi ba’zi ma’lumotlarni keltiramiz. Iordaniyaning umumiy yer maydoni 89,4 ming kvadrat kilometrni, aholisi esa taxminan 11,7 million kishini tashkil etadi. Ularning 97 foizga yaqini musulmonlar.
Mamlakat 12 ta hududga bo‘lingan. Amman mamlakat poytaxti. Milliy valyutasi Iordaniya dinoridir.

Davlatda Mustaqillik kuni eng asosiy milliy bayramlardan biridir. Shuningdek, podshohning tug‘ilgan kuni ham alohida nishonlanadi.
Davlat konstitutsion monarxiya bo‘lib, uni Podshoh boshqaradi. U yerda qonun chiqaruvchi organ parlament sanaladi. Parlament senat va deputatlar palatasidan iborat.
Ijroiya hokimiyatni esa hukumat amalga oshiradi. Sud tizimi mustaqil bo‘lib, unda fuqarolik, diniy va maxsus sudlar bor. Sud qarorlari podshoh nomidan chiqariladi.

Iordaniyada tabiiy resurslar, xususan, neft va gaz zaxiralari kam. Davlat fosfat, kaliydan tayyor mahsulotlar va kimyoviy moddalar eksportiga tayanadi.
Mamlakat iqtisodiyoti asosan xizmatlar sohasiga asoslangan bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning asosiy qismini shu yo‘nalish tashkil etadi. Turizm milliy daromadning muhim qismi hisoblanadi. Bunda sanoatning hissasi 19,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,9 foizga to‘g‘ri keladi.
Iordaniyani siyosiy jihatdan barqaror, tarixiy va madaniy merosga boy davlat deyish mumkin. Joylashuvi va tashqi siyosati uni mintaqada muhim o‘rinda turadigan mamlakatga aylantirgan. Mamlakat zamonaviy taraqqiyotga intilmoqda va xalq farovonligini ta’minlash yo‘lidan bormoqda.
Umuman olganda, Iordaniya va O‘zbekiston ikki xil mintaqada joylashgan bo‘lsa-da, tarix, din, tinchlik va millatlararo hamjihatlik jihatidan o‘xshash tomonlarga ega. O‘zaro do‘stlik va hamkorlik qilish uchun ko‘p imkoniyatlar bor.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA