Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining qator yetakchi nashrlari shu kunlarda Iordaniya va O‘zbekiston hamkorligi mavzusiga keng o‘rin ajratmoqda. Maqolalarda dushanba kuni poytaxt Ammonda bo‘lib o‘tgan qo‘shma vazirlar uchrashuvi tafsiloti batafsil yoritilgan.
Qayd etilishicha, mahalliy Raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlik vazirligi rahbariyati Iordaniyaga rasmiy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashgan.
Iqtisodiyot, investitsiya, sanoat va savdo, transport, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon va geologiya sohalari mas’ullari, qator raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlikka ixtisoslashgan birlashmalar vakillari, xususiy sanoat va investitsiya kompaniyalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda mezbon davlatning raqamli transformatsiya, davlat xizmatini rivojlantirish, tadbirkorlik va ijodiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli inklyuzivlikni oshirish bo‘yicha tajribasi ko‘rib chiqildi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish, yoshlar imkoniyatini kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, kiber xavfsizlikni kuchaytirish, raqamli davlat xizmati ko‘lamini kengaytirish, o‘sish va investitsiyani rag‘batlantiradigan raqamli muhit yaratishga xizmat qiladigan loyiha va tashabbuslar taqdimot qilindi.
Vazir Sami Samirat ushbu tashrif Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasida raqamli iqtisodiyot va innovatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali maydon ekanini ta’kidladi. AKT sohasidagi imkoniyat hamda sheriklik salohiyati masalasini muhokama qilish maqsadida davlat va xususiy sektor vakillari ishtirokida qo‘shma forum o‘tkazish taklifi ma’qullandi.
O‘zbekiston vaziri ushbu arab davlatining raqamli infratuzilma va davlat xizmati sohasidagi ilg‘or ishlanmalarini yuqori baholab, yurtimizda ushbu tajribadan raqamli xizmatni rivojlantirish, elektron tijorat va raqamli ta’lim kabi sohalarda innovatsion yechimlarni joriy etishda foydalanishdan respublikamiz ham manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuvda o‘zaro chuqur tarixiy aloqalarga alohida e’tibor qaratilib, turli sohalar, ayniqsa noan’anaviy tarmoqlarda hamkorlik ufqini kengaytirish muhimligi, bu savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, xususiy sektorlar munosabatini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Turli sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganish, shuningdek keyingi chora-tadbirlarni muvofiqlashtiradigan qo‘shma qo‘mita tashkil etishga kelishildi.
Iordaniyaning sarmoyaviy imkoniyati, Qirollikning mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish uchun jozibadorligi, xususan mintaqadagi boshqa mamlakatlar bozoriga Iordaniya tomonidan imzolangan ikki va ko‘p tomonlama erkin savdo kelishuvlari orqali kirish uchun darvoza sifatidagi roli ta’kidlandi.
Farmatsevtika, tikuvchilik va to‘qimachilik sanoatidagi istiqbol, AQSH bozoriga eksport imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Fosfat, kaliy va boshqa o‘g‘itlar ishlab chiqarish kabi qazib olinuvchi tarmoqlar, shuningdek turizm, sport, raqamli xizmat va elektron o‘yinlar sanoati integratsiyasi salohiyati e’tirof etildi. Ikki mamlakatning sanoat bazasi va tabiiy resurslaridan foydalangan holda, integratsiyalashgan loyihalar, xususan kiyim-kechak, zargarlik va o‘g‘itlar sohalarida sheriklikni jadal rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Laziz Qudratov, o‘z navbatida, O‘zbekiston Iordaniya bilan iqtisodiy hamkorlik bazasini kengaytirishdan manfaatdorligi, Qirollik O‘zbekiston uchun Yaqin Sharq va Afrika bozoriga kirish eshigi, O‘zbekiston esa Yevrosiyo Ittifoqi bozoriga chiqish markaziga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

U farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, Yevropa va Amerika bozori uchun kiyim-kechak yetkazish, avtomobilsozlik va maishiy texnika, shuningdek axborot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlarni qayd etib, ikki davlat o‘rtasida viza olish tartib-taomilini soddalashtirish, turizm almashinuvini kengaytirish muhimligiga urg‘u berdi.
Iordaniya investitsiya vaziri doktor Toriq Abu G‘azola ham mamlakatimiz delegatsiyasi bilan muloqot o‘tkazdi. Qirol Abdulloh II ning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi oldidan olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari doirasida uyushtirilgan mazkur uchrashuv chog‘ida muhim tarmoqlar bo‘yicha hamkorlik salohiyati yuqoriligi e’tirof etildi.
2024 yil davlatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash qiymati 9 million dollarga yetgan. Iordaniya eksportda farmatsevtika, mashinasozlik va kimyo mahsulotlarini qamrab olgan, O‘zbekistondan esa mis, meva, yong‘oq va kakao import qiladi. Ta’kidlanishicha, har ikki tomon kelgusi yillarda almashinuv hajmini sezilarli darajada oshirishni maqsad qilgan.
Mezbon mulozim ayni payt sarmoyani rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma muzokaralari yakuniy bosqichdaligini eslatarkan, Qirolning yurtimizga tashrifi chog‘ida ushbu hujjat imzolanishiga umid bildirdi. Shu tariqa investorlar himoyasi kuchaytiriladi, o‘zaro ishonch mustahkamlanadi, iqtisodiy o‘sish qo‘llab-quvvatlanadi, tovar ayirboshlash hajmi oshadi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimiz vaziri Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi bilan hamkorlik yuksak qadrlanishini tasdiqlab, tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro savdo va sarmoya imkoniyatini o‘rganish va kengaytirish, bunda istiqbolli tarmoqlarga alohida e’tibor qaratish ekanini bildirdi.
Maqolada O‘zbekiston delegatsiyasi Qirol Husayn biznes bog‘ini ham ko‘zdan kechirgani, majmuada ushbu davlat Sanoat palatasi raisi va a’zolari bilan uchrashganiga ham o‘rin ajratilgan. Shuningdek, tashrifning ikkinchi kuni “Arab Potash Company” va boshqa yirik kompaniyalar bilan hamkorlik imkoniyati o‘rganilgani ta’kidlangan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA