Iordaniya, Iroq va Misr Isroilning shu hafta Suriyaga uyushtirgan zarbasini qoralab, bu harakat suverenitet va xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish, dedi.
Isroil mintaqada druzlar va badaviy qabilalar o‘rtasida sodir bo‘lgan halokatli to‘qnashuvdan so‘ng barqarorlikni tiklash maqsadida seshanba kuni janubdagi As-Suvayda shahriga yaqinlashib kelayotgan Suriya qo‘shinlari va harbiy texnikaga zarba berdi. Druzlar – shia mazhabida vujudga kelgan firqa, diniy guruh. Asosan, Livan va Suriyada yashaydi.
Isroil Bosh vaziri va mudofaa vaziri vaziyatga asosan As-Suvaydada yashovchi druzlarni “himoya qilish” uchun aralashganini aytdi. Ertasiga poytaxt Damashqdagi harbiy qarorgohga zarba berildi.
Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi bu havo hujumini qoralab, Suriya barqarorligi va xavfsizligiga tahdid kuchayishi mumkinligini taxmin qildi. TIV vakili Sufiyon Al-Quda harbiy harakatni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, Suriya suverenitetini hurmat qilish zarurligi, mamlakat xavfsizligi mintaqaviy barqarorlik uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Misr ham Suriya va Livanga zarbalar ko‘rinishidagi qonunbuzarlik taranglikni, mintaqadagi beqarorlikni kuchaytirishiga urg‘u bergan.
Shu kuni Isroil Livan sharqidagi Beka’ vodiysiga ham havo hujumi uyushtirgan. Livan rasmiylariga ko‘ra, ushbu zarba natijasida 12 kishi halok bo‘lgan. Isroil armiyasi Hizbulloh jangarilari nishonga olinganini aytgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA