O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Buyuk nemis shoiri, mutafakkir va olim Iogann Volfgang Gyotening mashhur “Faust” falsafiy dramasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Asarni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz Erkin Vohidov o‘zbek tiliga o‘girgan.
“Faust” Gyote vafotidan 200 yil o‘tib, ona tilimiz – o‘zbek tilida yangragan asar.
Ta’kidlash joiz, “Faust” Iogann Volfgang Gyotening shoh asari.
O‘zbek kitobxoni shoirning ajoyib sevgi asari – “Yosh Verterning iztiroblari” romani (Ya.Egamova tarjimasi), shuningdek, “G‘arbu Sharq devoni” (Sadriddin Salim Buxoriy tarjimasi) bilan yaxshi tanish.
Ammo Gyote deganda ko‘z o‘ngimizda eng avvalo uning dunyo adabiyotining eng durdona asarlaridan biri bo‘lgan”Faust”i, Faust haqidagi dramasi keladi.
Gyote bu asar ustida naqd 60 yil ter to‘kadi. Dramaning birinchi qismi 1790-yillarda boshlanib, 1806 yilgacha davom etgan. Oradan ikki yil o‘tib nashr etilgan va qayta-qayta bosilgan. Asarning ikkinchi qismini buyuk shoir umr shomida – keksayganda yozadi va u 1832 yilda adib vafotidan keyin dunyo yuzini ko‘radi.
“Faust” o‘ziga xosligi – ritm va ohangdorlik nuqtai nazaridan nemis she’riyatining cho‘qqilaridan biri hisoblanadi.
– Rosti hayajonlandim. – “Faust”dek qasr ustunlaridan o‘zbek zaminida tiklanadigan inshoot sodda va jo‘n qo‘lib qolmaydimi, degan andishani qildim, deb yozadi keyinchlik tarjimon. Yana bir andisham “Faust” yaratilgan zamon va makon ruhini bera olamanmi degan xayol bo‘ldi. Gyotening sharq falsafasiga yaqinligi mening yo‘limni yoritib turdi, ruhimga madad bo‘ldi. Nemis tilini mukammal bilmasam-da, rus tiliga o‘girilgan ko‘plab tarjimalar, tadqiqotlardan bahramand bo‘ldim. Ulug‘ shoirning fikri va ruhiga chuqurroq kirishga urindim. Uning vatanida bo‘lib, Vaymar ko‘chalarini kezib yurdim. Necha ulug‘ shoir va sozandalarni bergan bu shahar menga g‘arbning Hiroti bo‘lib tuyuldi, deya eslaydi ustoz Erkin Vohidov.
“Faust”ni qo‘lga olib, o‘qishga chog‘lanayotgan o‘zbek kitobxonining ko‘z o‘ngida bir tomonda ulug‘ nemis shoiri Gyote tursa, ikkinchi tomonda, shubhasiz, benazir shoirimiz, “Faust”dek o‘lmas dramani o‘zbekchalashtirgan Erkin Vohidovning siymosi turadi.
Ilk bor “Faust”ning ikkala qismi bir kitob shaklida nashrdan chiqqani, o‘quvchi uchun chinakam tuhfa.
“Faust”ni, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA