Hozirgi paytda investitsiyaviy nizolar taalluqliligiga qarab fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar, iqtisodiy va maʼmuriy sudlar tomonidan hal etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida “Investor sud himoyasida: sud amaliyoti va xalqaro tajriba” mavzuida onlayn davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda jamoatchilikdan tushgan savollarga javob qaytarildi.
- Investorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilayotgan maxsus sudlov tarkibi qanday imkoniyat yaratadi?
- Ilgʻor texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish tizimlari, biznes yuritishning yangi shakllari, menejmentning faol usullari investitsiyalar koʻmagida amalga oshiriladi, - dedi Oliy sudi raisining oʻrinbosari B.Isakov. - Shu bilan birga, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshadi va, eng muhimi, Oʻzbekiston eksport qiladigan mahsulot turlari koʻpayadi.
Lekin har qanday sarmoyador muayyan bir mamlakatga investitsiya kiritish uchun dastlab oʻsha davlatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlik mavjudligini hisobga oladi. Xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatining mustahkam huquqiy himoyalanganligiga, biznes yuritish jarayonida olingan daromadlarni olib chiqib ketish kafolatlanganiga, sud tizimining ochiqligi va mustaqilligi taʼminlanganiga alohida eʼtibor qaratadi.
Shu jihatdan mamlakatimiz qonunchilik tizimida tadbirkorlar, xorijiy investorlarga keng imtiyozlar va teng imkoniyatlar yaratilishi qonunlar bilan huquqiy kafolatlangan.
Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan “Sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha alohida sudlov tarkibi tuzish belgilangan.
Bu juda katta yangilik hisoblanadi. Chunki ilgari bizda bunday sudlov tarkibi boʻlmagan. Investorlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, ularning ishonchini mustahkamlash maqsadida shunday maxsus sudlov tarkibi shakllantirilishi mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishi shubhasiz.
- Investorlar ishtirokidagi ishlar qanday tartibda koʻrib chiqilmoqda?
- Investorlar, xususan xorijiy shaxslar ishtirokidagi ishlarni koʻrishning alohida tartibi protsessual qonunlarda oʻz aksini topgan, - dedi Oliy sud sudyasi Q. Komilov. - Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksining “Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni yuritish” nomli 3-boʻlimida bu haqda batafsil yoritilgan.
Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar, agar bu shaxslar yoki ularning filiallari, vakolatxonalari yoxud ularning ish yuritishga vakolatli boʻlgan vakillari Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan yoki yashayotgan boʻlsa, ushbu kodeksda belgilangan muddatlarda koʻriladi.
Hozirgi paytda investitsiyaviy nizolar taalluqliligiga qarab fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar, iqtisodiy va maʼmuriy sudlar tomonidan hal etilmoqda.
- Investorlarni sud himoyasi bilan taʼminlashda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bormi?
- Haqiqatan, bu borada ortiqcha byurokratik toʻsiqlar yoʻq emas. Amaldagi protsessual qonun hujjatlarida sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjud, - dedi Bosh prokuratura akademiyasi katta oʻqituvchisi S. Xolboyev. - Ayniqsa, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi yetarli darajada tashkil etilmaganligi va boshqa shu kabi bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganini Davlatimiz rahbari keskin tanqid qilgan. Ushbu kamchiliklar sudlov ishlarini yuritish jarayonlarini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi.
Jahon tajribasidan kelib chiqib va hozirgi pandemiya sharoitini hisobga olgan holda iqtisodiyotga xorijiy, eng avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishning barcha choralarini koʻrish, bunga toʻsiq boʻladigan korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish uchun esa amaliy ishlar boshlandi.
Davlatimiz rahbarining farmonida Oliy sud tuzilmasidagi oʻzgarishlar, sudlov ishlarini yuritishda qator protsessual yangiliklarning koʻzda tutilganligi, shu jumladan, Ivestitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha alohida sudlov tarkibining tuzilganligi yuqorida qayd etilgan vazifalar ijrosi bilan bevosita bogʻliq.
Ushbu sudlov tarkibining samarali faoliyat koʻrsatishi, avvalo, demokratik jarayonlarni yana-da rivojlantirishga, yurtimizga investitsiya kiritish istagida boʻlgan har qanday shaxslar huquq va erkinlarining kafolatlangan himoyasini taʼminlashga xizmat qiadi.
Biznes sohasida qonuniylikni mustahkamlashga, qolaversa, erkin raqobatga keng yoʻl ochgan holda yirik, monopolistik korxonalar vakillarida qonunga va sudga nisbatan hurmat hissini kuchaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yana-da qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi, degan umiddaman.
- Nazorat tartibida sud qarorlari qonuniyligini oʻrganish tartibi bekor qilinsa bu biznes sohasiga qanday taʼsir qiladi?
- Nazorat tartibida sud qarorlarining qonuniyligini qayta koʻrib chiqish tartibining salbiy tomonlari juda koʻp, - dedi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari I.Jasimov. - Masalan, mazkur tartibning eng jiddiy salbiy tomoni – bu sud qarori qonuniy kuchga kirib, koʻp hollarda ijro etilgandan keyin, qayta koʻrib chiqilar edi.
Sud qarori bekor qilinib, oqibatda boshqa tomon foydasiga hal qilish holatlari ham amaliyotda koʻp uchrar edi. Bunday holatlarda avvalgi sud qarori ijrosining oqibatlarini bartaraf etish va yangi qaror ijrosini amalda taʼminlashda jiddiy muammolar vujudga kelayotgan edi.
Shu sababdan, nazorat tartibida ishni koʻrish natijasida qabul qilingan yangi qarorning ijrosi yillar mobaynida taʼminlanmasdan, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari tiklanmay qolgan.
Ilgʻor xalqaro sud tajribasida sud qarorlarining qonuniyligi va sud xatolari, aksariyat hollarda, sud qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar koʻrib chiqiladi. Biz ham shunga erishishimiz maqsadga muvofiq. Shundan xulosa qilish lozimki, nazorat instansiyasining tugatilishi tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytiradi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, Oʻzbekiston Respublikasida ham 2021-yil 1-yanvardan Oliy sud tizimida yangi Sudlov tarkibining tashkil etilishi va investitsiyaviy nizolarning koʻrilishi tartibining joriy etilishi natijasida investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish mexanizmi takomillashadi.
Bu tartib Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda investitsiyaviy muhit barqarorligiga mustahkam zamin yaratadi.