Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investorlar taklifi bilan milliy valyutada ham xalqaro obligatsiyalar chiqariladi
19:22 / 2020-11-19

Joriy yilning 17-18 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan roud-shou tadbiri doirasida AQSH, Buyuk Britaniya, Daniya, Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan 90 ga yaqin xalqaro investorlar ishtirokida audiokonferensiya o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

 Unda  15 ga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka formatda virtual uchrashuvlar tashkil etilib, xalqaro investorlarning soliq-byudjet siyosati va davlat qarzi dinamikasi, pul-kredit siyosati va inflyatsion targetlash rejimi hamda institutsional islohotlar, jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq bir qator savollariga atroflicha javob berildi.

 O‘tkazilgan tabdirlar yakuniga ko‘ra, xalqaro investorlar tomonidan respublikaning makroiqtisodiy istiqbollari va tizimli islohotlari yuzasidan ijobiy xulosa berildi. Natijada qator yirik xalqaro investorlar tomonidan nafaqat dollarda, balki o‘zbek so‘mida ham denominatsiya qilingan suveren xalqaro obligatsiyalarning chiqarilishiga ham qiziqish bildirildi.  

 Xalqaro obligatsiyalarning milliy valyutada chiqarilishi valyuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.

 Moliyaviy konsultantlar – anderrayterlar (“Siti”, “JP Morgan”, “Societe Generale”, “VTB Capital” va “Gazprombank”) tomonidan investorlar takliflariga binoan 750 mln. AQSH dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarni 2 transhda  10 yillik muddat bilan AQSH dollarida va 3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida chiqarish va London fond birjasida joylashtirish bo‘yicha boshlang‘ich foiz stavkalar mos ravishda 4.25 foiz atrofida va 15.25 foiz atrofida belgilandi.  

 London vaqti bilan soat 09:00 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi. Kun davomidagi buyurtmalar kitobining hajmi va investorlarning takliflaridan hamda moliya bozorlaridagi holatdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi suveren xalqaro obligatsiyalarining har ikki transhi bo‘yicha kupon stavkalarini belgilash jarayoni bugun (19 noyabr kuni) yakunlanishi kutilmoqda.  

O‘zA