Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligiga
Samarqand – Qarshi yo‘lidan borarkansiz Samarqand tumanidan chiqib, Nurobod hududiga kirishingiz bilan bepoyon dasht, kengliklarga ko‘zingiz tushadi. Har-har joyda uzoqda qoramtir bo‘lib ko‘rinib turganlar qo‘y podasi. Keyin Sazag‘on harbiy dala o‘quv mashg‘ulot maydoni ko‘zga tashlanadi. Shu tarzda 20-30 kilometr yo‘l yurib, ayrim siyrak qishloqlarni aytmaganda, dasht oralab ketaverasiz.
Yo‘g‘e, bunaqa joy yo‘q, deysizmi? To‘g‘ri. Ta’riflaganimiz bundan yetti-sakkiz yil oldingi manzara, boringki, o‘n yillar oldin ushbu yo‘ldan o‘tganingizda ko‘rgan-kechirganlaringiz shunday bo‘lardi.

2017 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi tashkil etilishi va mazkur sanoat zonasi uchun Urgutdan tashqari Nurobod tumanidagi “Sazag‘on” massividan foydalanilmay turgan 137 gektar yer maydoni ajratilishi ana shu cho‘l, dasht hududga sanoat kirib kelishiga asos bo‘ldi. Keyin Tepaqul mahallasidan ham 40 gektar yer ajratildi.
Sanoatni kim yaratadi? Inson. Inson qadami yetgan joy esa, agar hafsala qilinsa, yerga mehr berilsa, obod bo‘ladi, bog‘u bo‘stonga aylanadi. Bugun azaldan bog‘dorchilik, sabzavotchilik rivojlangan Samarqand tumanidagi yashillik o‘sha katta yo‘ldan Nurobod hududiga o‘tishingiz bilan dashtlarga ham ko‘chgani, bir-biridan ulkan sanoat korxonalari atrofi obodlikka yuz tutganining guvohi bo‘lasiz.

“Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
Albatta, shu paytgacha na yo‘li va na suv, elektr, gazi bo‘lgan hududda bo‘sh maydonni tadbirkorga ajratib bergan bilan sanoat yaratilmaydi, zavod-fabrika bino bo‘lib qolmaydi. Bunday joyga investorku qadam bosmaydi, hatto o‘zimizning tadbirkorlar ham pul tikmaydi-da. Shuning uchun davlat muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yaratib berishni o‘z zimmasiga oldi. Dasht hududda ravon yo‘llar ochildi, elektr, gaz tarmoqlari tortildi, suv chiqarildi. Sharoit yaratilgach, ish oldinga ketdi. Birin-ketin yangi korxonalar ochildi, qo‘shma korxonalar tashkil etildi. Xorijiy davlatlardagi yirik kompaniyalar, yirik sarmoyadorlar investitsiya kiritishdan cho‘chimadi. Hozir bu yerda o‘ndan ortiq yirik korxonalar faoliyat ko‘rsatib, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda esa armatura va boshqa metal mahsulotlar tayyorlovchi “PLATINUM METAL INDUSTRY”, yuk tashuvchi avtomobillari uchun ustqurma va yordamchi elementlar tayyorlovchi “DAO HU QI CHE”, dolomit va marmar toshni minerallarga boyituvchi “EXPOIMPO” korxonalari ish boshlash arafasida turibdi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 4 avgustdagi qaroriga ko‘ra, Sazag‘on massivida bo‘sh turgan 115,3 gektar yer maydonida “Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.
Shuningdek, qaror bilan Nurobod tumanida investitsiya muhitini yanada yaxshilash va sanoatni rivojlantirishning 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan, yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga jami 1,1 milliard AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish orqali 5,1 ming doimiy ish o‘rni yaratiladi.

– Mazkur sanoat zonasi Xitoyning “Xinjiang Urumqi New Vision Investment Development Co., Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda, – deydi Samarqand viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sheroz Sobirov. – Bu yerda 2025-2029 yillarda elektrotexnika, bioorganik o‘g‘itlar, tekstil, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 472 million AQSH dollari bo‘lgan 20 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish binolari ko‘p qavatli, ya’ni 3-4 qavat qilib quriladi. Bu yer maydonidan hamda kommunikatsiya tizimlaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini oshiradi. Maxsus sanoat zonasini boshqarish uchun “New Vision Investment Development” MCHJ xorijiy kompaniyasi tashkil etildi.
Shu paytgacha Xitoy kompaniyasi rahbarlari bilan bir necha marta muloqotlar o‘tkazib, investitsiya loyihalarini muhokama qildik, vazifalarni belgilab oldik. Yaqinda o‘tkazilgan uchrashuvimizda maxsus sanoat zonasida shamol elektr stansiyasi tashkil etish loyihasini muhokama qildik. Muzokaralar davomida mutaxassislar bilan loyiha uchun qulay joyni aniqlash, qurilish va texnik bosqichlarni belgilashga kelishib, infratuzilma va texnik imkoniyatlar bo‘yicha dastlabki tahlillarni amalga oshirdik.

Samarqandga yevropalik investorlar qiziqish bildirmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Samarqandda 3,6 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish belgilangan. Yilning birinchi yarmida 1 milliard 87 million, shundan hududiy loyihalarda 669,6 million, tarmoq loyihalari hisobiga 417,2 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 fioziga ko‘p demakdir.
– Davlatlar bo‘yicha tahlil qilinganda, investitsiyalarning salmoqli qismi Xitoy (381,6 million dollar), BAA (37,1 million dollar), Ozarbayjon (25,9 million dollar), Turkiya (20,1 million dollar) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, – deydi Sheroz Sobirov. – Misol uchun, Samarqand shahrida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda “Azia Metall Prof” qo‘shma korxonasida umumiy qiymati 143 million dollar bo‘lgan po‘lat eritish, maishiy texnika va avtomashinalar uchun tunuka list, rux va polimer qoplamali tunuka ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Toyloq tumanida esa “Projekt sam buildings” MCHJ tomonidan zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurish loyihasi doirasida 16,5 million dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, 2025 yilda qiymati 1 milliard 632 million dollarlik 834 ta loyiha ishga tushirilib, 23,3 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etiladi. Shu asosida birinchi yarim yillikda qiymati 199,2 million dollarlik 332 ta loyiha ishga tushirilib, 3870 ta ish o‘rni ochildi va belgilangan reja 171 foizga bajarildi. Misol uchun, Samarqand tumanidagi “Marjona Diyor Tekstil” MCHJ negizida zamonaviy xususiy institut hamda savdo kompleksi tashkil etish loyihasi doirasida 10,5 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, 200 ta yangi ish o‘rni yaratishga erishildi. Loyihalarning salmoqli qismi yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan va, albatta, belgilangan ko‘rsatkichga erishiladi.
Viloyatga sarmoya jalb qilishda xorijiy davlatlarga tashriflar hamda chet ellik investorlarni yurtimizga taklif qilish, birgalikda biznes forumlar o‘tkazish muhim omil bo‘lmoqda. Birgina shu yilning o‘zida Samarqand viloyat hokimligiga 56 davlatdan 170 dan ortiq xorijiy kompaniya vakillari kelib, hudud rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu uchrashuvlarda jami 4,6 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Viloyat rasmiylari va tadbirkorlardan iborat delegatsiyalarning Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Quvayt va Fransiyaga xizmat safarlari davomida 1,2 milliard dollarlik 97 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
– Keyingi yillarda Yevropa davlatlaridagi kompaniya va tadbirkorlarning Samarqandga qiziqishi ortib bormoqda, – deydi Sheroz Sobirov. – Ayniqsa, viloyatimiz hokimi boshchiligida Fransiya va Italiyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari davomida hududlar rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, o‘tkazilgan tadqimotlar samarasida bir qator kompaniyalar Samarqandga investitsiya kiritish istagini bildirdi. Bundan tashqari, yaqinda viloyatimiz delegatsiyasi Yaponiya tomoni taklifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldik. Samarqand viloyati va Nara perefekturasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan birodarlik aloqalari tufayli ushbu hudud rahbariyati biz bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, safarimiz davomida Osakadagi xalqaro ko‘rgazmada qatnashib, Samarqandning iqtisodiy imkoniyatlari va investitsiyaviy jozibadorligi to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazdik. Viloyatimiz hokimi ko‘plab tadbirkorlar, yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi. Bu muloqotlar natijasida umumiy qiymati 280 million dollarlik loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar imzolandi. Yaqin kunlarda Yaponiya tomoni javob tashrifi bilan Samarqandga kelishi va kelishuvlarni mustahkamlash kutilmoqda. Ushbu safar davomida Koreya Respublikasining Seul, Pusan shaharlari va Chxunchxon-pukto provinsiyasida ham samarali uchrashuvlar o‘tkazildi. Seulda biznes-forum tashkil etildi. Bu safar davomida ham 200 million dollarlik memorandumlar imzolandi.
Eksport 1 milliard dollarga yetkaziladi
Investitsiya loyihalari bilan tanishish jarayonida shunga amin bo‘ldikki, xorijlik tadbirkorlar va yirik kompaniyalar Samarqandda, asosan, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, maishiy texnika vositalari uchun butlovchi buyumlar tayyorlash yo‘nalishlariga sarmoya kiritish niyatida ekan. Chunki viloyatga import qilinayotgan tovarlarning asosiy qismi ushbu yo‘nalishlarga tegishli. Albatta, bunday yondashuv viloyatda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi.
O‘z navbatida viloyatning eksport salohiyatini oshirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi qarori bilan 2025 yilda viloyat eksport hajmini 850 million AQSH dollariga yetkazish belgilangan. Bunda eksportning salmoqli qismi (617,7 million dollar)ni sanoat mahsulotlari tashkil qilishi e’tiborli. Chunki yaqin yillargacha nafaqat Samarqand, umuman, yurtimizdan xorijga asosan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilingan. Mamlakatimizda sanoatni jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tarmoqning davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi natijasida bugun eksport qilinayotgan tovarlar tarkibida sanoat mahsulotlari asosiy o‘rinni egallamoqda.
Viloyatda joriy yilning yanvar-iyun oylari uchun 328,9 million dollar eksport prognozi belgilangan bo‘lib, amalda 462,9 million dollar qiymatidagi mahsulotlar xorijga sotilgan. 480 ta korxona tomonidan jami 738 turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan. Mas’ullarning aytishicha, yil yakunigacha viloyatning eksport ko‘rsatkichini 1 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Xorijiy davlatda bo‘lgan bir tadbirkor tanishimiz o‘sha yurtdagi yirik savdo markazida odamlar navbatda turib nimadir xarid qilayotganini ko‘ribdiyu qiziqishi ortib, u ham navbatga qo‘shilibdi. Buyumni bolalari uchun sotib olib, mehmonxonaga kelib qarasa, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorlig‘i bor ekan.
– Dastlakb qilgan ishimdan kuldim, lekin keyin bu haqda xorijdagi hamkorlarimga faxr va g‘urur bilan gapirib berdim,–deydi u..
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri